Atamboyev og‘ir ahvoldami? Sobiq Prezident tibbiy ekspertizadan o‘tkaziladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev salomatligi yuzasidan tibbiy ekspertiza o‘tkaziladi. Qo‘y-Toshdagi hodisalar bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi ko‘rilayotgan Bishkekning Pervomay tumani sudi sudyasi joriy yilning 14 aprel kuni shunday qaror qabul qildi.

Shu tariqa Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sud muhokamasi sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilguncha to‘xtatib turiladi.

Hozirda Almazbek Atamboyev 47-sonli koloniyada saqlanyapti. Sobiq Prezident 2020 yil dekabr oyida salomatligi bilan bog‘liq muammo sabab bu yerga ko‘chirilgandi. Atamboyev so‘nggi sud majlislarida ishtirok etmadi, uning advokatlari esa bir necha bor ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy murojaat kiritdi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yil iyun oyida Qirg‘izistonni 2011 – 2017 yillarda boshqargan Atamboyev “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topilgan va unga nisbatan 11 yil-u ikki oylik qamoq jazosi tayinlangandi.

Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmati raisi Kalibek Kachkinaliyev xuddi shu ish bo‘yicha ikki yillik qamoq jazosini oldi. 

Sud, shuningdek, Atamboyevning mol-mulkini musodara qilish va uni davlat unvonlari va mukofotlaridan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqardi. 

2020 yil noyabr oyining oxirida Qirg‘iziston Oliy sudi Atamboyevga berilgan hukmni bekor qildi va uning ishini ko‘rib chiqish uchun Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudiga yubordi. 

Sobiq prezident, shuningdek 2019 yil avgust oyida Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi tartibsizliklar ishi bo‘yicha ham asosiy ayblanuvchidir. 

2019 yil 7 avgust kuni huquqni muhofaza qilish idoralari Atamboyevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohiga bostirib kirishga ikki marta urindi. Ertasi kuni ham to‘qnashuvlar davom etdi va 3000 ga yaqin politsiyachilar ishtirokidagi maxsus operatsiya paytida Atamboyev taslim bo‘ldi. Tartibsizliklar paytida 225 kishi jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi. 

2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilingandan keyin norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishdi. Atamboyevning tarafdorlari uni koloniyadan ozod qilishdi, ammo keyin u yana hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev

Baholaganlar

169

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing