O‘zbekistonga keltirilayotgan vaksina ishlab chiqarilgan davlatning o‘zida taqiqqa uchradi
Olam
−
16 mart 2021
15081Shvetsiya AstraZeneca shved-ingliz farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinadan foydalanishni ehtiyot chorasi sifatida to‘xtatib turadi. Bu haqda Shvetsiya Sog‘liqni saqlash agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Yevropa Dori vositalari agentligi tomonidan preparat ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlar tekshirilguncha Shvetsiyada vaksinani qo‘llash to‘xtatiladi.
Ushbu tekshiruv davomida emlanganlarda tromboz holatlarining emlash bilan bog‘liqligini aniqlash rejalashtirilgan.
“Yevropa Dori vositalari agentligi ushbu holatlarning emlash bilan bog‘liqligini aniqlamaguncha vaksinani qo‘llashni to‘xtatib turish muhimdir”, degan davlat epidemiologi Anders Tegnell.
Shved departamentining ta’kidlashicha, AstraZeneca vaksinasi koronavirusdan yaxshi himoya qiladi. Shvetsiyaning o‘zida ushbu preparatning nojo‘ya ta’siri qayd etilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, ko‘plab Yevropa mamlakatlari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘liq yoki qisman to‘xtatganini e’lon qilgan. Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya va Islandiya ham shular jumlasidandir.
Yevropadan tashqarida vaksinadan foydalanish Indoneziya, Kongo Demokratik Respublikasi, Tailand va Janubiy Afrikada to‘xtatilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusning aytishicha, tashkilotning vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha maslahat qo‘mitasi bugun, 16 mart kuni AstraZeneca preparati xavfsizligini qayta ko‘rib chiqadi.
AZD1222 vaksinasi Buyuk Britaniya (Oksford universiteti) va Shvetsiya (AstraZeneca) olimlari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu vaksina bilan ommaviy emlashlar boshlangandan so‘ng, emlanganlar orasida shifoxonaga yotqizilganlar va o‘lim holatlari qayd etilgan.
O‘lim holatlarini o‘rgangan shifokorlar ushbu vaksina bilan emlanganlarda qon quyqalari hosil bo‘lganini aniqlagan.
O‘z navbatida, farmatsevtika kompaniyasi qon quyqalari va emlash o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligiga oid dalillar yo‘qligini aytgan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada 17 million kishi emlangan va ular orasida 15 ta chuqur tomir trombozi va 22 ta o‘pka arteriyasining emboliya holatlari aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans) tashkilotining COVAX dasturiga a’zo davlat sifatida ma’lum miqdorda AstraZeneca vaksinasidan oladi.
LiveBarchasi