“Asr fojiasi”dan so‘ng Malatyada hayot qanday kechmoqda? (fotoreportaj)
Olam
−
13 fevral
6389Bundan roppa-rosa 1 yil oldin Turkiyada ro‘y bergan zilzila mamlakatga ulkan yo‘qotishlar olib keldi. U nafaqat zilzila epimarkazlaridan biri joylashgan Qahramonmarashda, balki Hatay, Adiyaman, Malatya kabi boshqa viloyatlarda ham minglab odamlarning yostig‘ini quritdi.
QALAMPIR.UZ’ning ushbu maqolasida zilziladan jabr ko‘rgan hududlardan biri bo‘lgan Malatya haqida – u yerdagi zilzila oqibatlari va uni bartaraf etish uchun qilinayotgan ishlar to‘g‘risida bilib olishingiz mumkin.
2023 yilning 6 fevral kuni ro‘y bergan 7,6 va 7.7 magnitudali zilzilalar oqibatda Malatyada 1237 kishi halok bo‘ldi, 6444 kishi yaralandi. Viloyat bo‘ylab 6648 bino quladi, 35907 bino jiddiy zarar ko‘rdi. Ushbu binolar orasida hokimlik binosi ham bor. U butunlay vayron bo‘lgan va hozirda uning birinchi qavati qurib bitkazilgan.
O‘sha mash’um kunda ko‘rgan dahshatlari, yo‘qotgan yaqinlarining xotirasi zilziladan omon qolganlarning qalbida ham og‘ir yuk bo‘lib qolgani tayin. Ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, aka-uka, opa-singillaridan judo bo‘lgan kishilar endilikda bir-birining dardini yengillashtirish, dalda berish uchun o‘zaro yaqinlashdi, birlashdi.
Viloyat hokimi Ersin Yazijining ma’lum qilishicha, zilziladan jabrlangan 85,500 xonadondagi 510 mingdan ortiq aholiga psixologik-ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 690 ming kishiga turli xil ko‘mak, xususan, ko‘chish va ijara to‘lashi uchun 6,1 milliard liralik mablag‘ ajratilgan.
Viloyatda uy-joyidan ayrilgan fuqarolar uchun konteyner shaharchalar ham bunyod etilgan. 74 shunday shaharchaga 32 mingga yaqin konteyner o‘rnatilgan bo‘lib, ularda 117, 690 aholi istiqomat qilmoqda. Bular orasida 16-17 ming nafar chet ellik yashaydigan Elemendik konteyner shaharchasi ham bor. Bu maskanlarda maktab, kutubxona, bolalar maydonchasi kabi infratuzilmalar tashkil etilgan.
Bundan tashqari, butun mamlakatdagi kabi, Malatyada ham aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun qurilish ishlari davom etmoqda. TOKI (Ommaviy uy-joy qurish boshqarmasi) tomonidan nafaqat ko‘p qavatli uylar, balki qishloq kottejlari shaklidagi binolar ham qurilmoqda. Ular aholiga qura tashlash yo‘li bilan topshiriladi. TOKI vakilining tushuntirishicha, bunday usul uylarning adolatli taqsimlanishi, aholi orasida “nega menga janubroqdan yoki bozorga uzoqroq joydan uy berildi” qabilidagi norozilik bo‘lmasligi uchun ishlab chiqilgan.
Mazkur turar joylar uyini yo‘qotganlarga 20 yil muddatga foizsiz imtiyozli kredit shaklida beriladi va dastlabki ikki yilda odamlar uy uchun pul to‘lashdan ozod etiladi.
Umuman olganda, butun Turkiya aholisi zilziladan so‘ng birlashib, jasorat ko‘rsatdi va normal hayotga qayta boshladi. Viloyat hokimi Ersin Yaziji aytganidek, ulkan yo‘qotishlarga qaramay, hayot davom etmoqda.
LiveBarchasi