Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishi kutilmoqda

Jamiyat

image
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirdi north_east

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirdi

O‘zbekistonda yil oxirigacha asoiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib borishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi bayonida ma’lum qilingan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 0,7 foiz bandga pasaygan.

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik o‘sishi 13,9 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiya darajasiga ta’siri yuqoriligicha (5,8 foiz band) saqlanib qolmoqda.

“Birlamchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy iste’mol tovarlari narxlarining yuqori sur’atlarda oshishi tashqi bozorlarda hosildorlik va logistika bilan bog‘liq sabablar ta’sirida yuzaga kelgan konyunktura hamda ichki bozorlardagi raqobat sharoitlari va ishlab chiqarish hajmining cheklanganligi kabi omillar bilan izohlanadi.

Nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari o‘sishi mos ravishda 8,8 va 8,4 foizni tashkil etib, ushbu guruhlar umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi MB xabarida.

Markaziy bank tashqi bozorlar va asosiy oziq-ovqatlar taklifidagi o‘zgarishlarning yil oxirigacha inflyatsiyaga ta’sirlarining saqlanib qolishi va yalpi talab o‘sishining narxlarni oshiruvchi xususiyati ortib borishini inobatga olgan holda 2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiyaning 9,0-10,0 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilmoqda. Bunda, yil so‘ngiga qadar inflyatsion jarayonlar va kutilmalar ham monetar ham nomonetar omillarning turli yo‘nalishdagi ta’sirlari ostida shakllanadi.

Qayd etilishicha, joriy yil oxirigacha tartibga solinadigan narxlarni oshirilmaslik, o‘tgan yilning aprel oyi va oktyabr oylaridagi yuqori baza effekti, 2020 yilning IV choragi va 2021 yilning I choragida so‘m almashuv kursining nisbatan barqaror bo‘lganligi kelgusi choraklarda yillik inflyatsiya darajasini pasaytiruvchi omillardan bo‘ladi.

O‘z navbatida, qisqa muddatli istiqbolda ayrim turdagi asosiy oziq-ovqat narxlarining sezilarli o‘sishi, bir tomondan, hosildorlikning kam bo‘lganligi va ayrim davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga nisbatan kiritilayotgan cheklovlar ta’sirida tashqi bozorlardagi narxlarning o‘sishi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, ushbu mahsulotlarni import qilishda konsentratsiya darajasi va ichki ishlab chiqarishda tannarx xarajatlarining nisbatan yuqoriligi bilan izohlanmoqda.      

“Oziq-ovqat narxlari dinamikasi bo‘yicha xatarlarning oshib borishi sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha yagona davlat strategiyasi, import bozorlarini diversifikatsiya qilish, importda konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish va transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, meva, sabzavot va ozuqa-yem mahsulotlari hajmlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish va ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun zaruriy yer maydonlarini hamda suv resurslari ajratilishi kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini muvozanatlashishiga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

441

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing