Fotoreportaj: Asakadagi UzAuto Motors zavodida avtomobil ishlab chiqarish jarayoni
Bu qiziq
−
06 iyul 2019
16277Joriy yilning 3-4 iyul kunlari O‘zbekistondagi OAV xodimlari uchun UzAuto Motors zavodiga media-tur tashkil etildi.
Har bir inson o‘zi boshqarayotgan yoki ko‘chada haraktlanayotgan avtomobillarning qanday yaratilishini kuzatish juda ham qiziqarli. Hozir e’tiboringizga UzAuto Motors zavodidagi qaynoq ish jarayonidan fotolavhalarni taqdim etamiz.
Press-tur davomida jurnalistlar yaqindagina nomi o‘zgartirilgan UzAuto Motors (oldingi nomi GM Uzbekistan) zavodining to‘liq faoliyati bilan tanishtirildi.
UzAuto Motors zavodiga uyushtirilgan media-tur davomida jurnalistlarga zavod bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov va uning o‘rinbosari Azimjon Umarovlar hamrohlik qilishdi. Dastlab, OAV vakillari avtomobillarning qismlarini payvandlash ishlari olib boriladigan bo‘lim bilan tanishtirildi.
E’tiborlisi, hududda zavod xodimlari 8 soat davomida tik oyoqda tinim bilmasdan mehnat qilishadi. Bugungi kunda UzAuto Motors zavodida 10 600 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu xodimlarning 200 ming nafari zavodning Xorazmdagi filialida ishlashsa, yana 170 nafar xodim Toshkent shahrida joylashgan filialda mehnat qilmoqda.
Payvandlash bo‘limida ishlar yakunlangach, avtomobil zavodning bo‘yash sexiga yuboriladi. Bu bo‘limda inson salomatligi uchun o‘ta xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlanishi tufayli jurnalistlar bu hududga kiritilmadi.
Bo‘yash sexidan chiqarilgan yengil mashinalarning suyak qismi (kuzov) alohida bo‘limda jihozlanadi. Maxsus liniyada avtomobillarga ketma-ketlikda barcha kerakli qismlar o‘rnatiladi.
Ma’lum qilinishicha, UzAuto Motors zavodidagi ishchi xodimlarning oylik-maoshi minimum 2,5 mln so‘mni tashkil etadi. Tajribali xodimlar 4 mln so‘mgacha oylik oladilar. Bundan tashqari xodimlarga ish jarayonidagi faolliklariga qarab bonuslar belgilangan.
Etiborlisi, Asaka shahrida joylashgan UzAuto Motors zavodida har 70 sekundda bitta avtomobil, bir kunda 800 ta avtomobil ishlab chiqarilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda UzAuto Motors zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan Nexia 3 avtomobiliga ichki bozorda talab juda yuqori. 1996 yildan buyon ishlab chiqarilayotgan Nexia avlodidagi kiruvchi uchta modeldagi avtomobillardan shu paytga qadar 1 060 715 dona ishlab chiqarilgan.
UzAuto Motors zavodida ishlab chiqarilayotgan yengil mashinalar orasida xorijga eksport qilinadigan avtomobillar reytingini Lasetti boshqarib turibdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Avtomobilsozlik tarmog‘ida 2019 yil eksport salohiyatini rivojlantirish yili deb e’lon qilingan. Hozirgi vaqtda tarmoqning turli korxonalari mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus, Ozarboyjon, Gruziya, Armaniston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Iordaniya, Livan, Iroq, Afg‘oniston va afrikaning bir qator davlatlariga eksport qilinmoqda.
LiveBarchasi