Ashraf G‘ani O‘zbekistonda ekani tasdiqlanmadi. Sobiq Prezident qayerda?
Olam
−
16 avgust 2021
17313Avvalroq Afg‘oniston Prezidentligidan iste’fo bergan Ashraf G‘ani O‘zbekistonda bo‘lib turgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bungacha ham G‘ani Tojikistonda va Omon sultonligida ekani aytilgandi. Biroq bu xabarlarning hech biri hozircha rasman tasdiqlanmadi.
RIA Novosti Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga tayanib, Ashraf G‘ani O‘zbekistonda emasligi haqida xabar berdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ham G‘ani chiqqan samolyot Dushanbega kelganini rasman rad qildi.
“Janob Muhammad Ashraf G‘ani o‘tirgan samolyot Tojikiston havo hududiga kirmagan va mamlakat hududiga qo‘nmagan. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, Tojikiston tomoni Afg‘oniston tomonidan tegishli so‘rov olmagan”, deyiladi xabarda.
Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh bo‘lmagan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham Ashraf G‘ani ushbu mamlakatda emasligini ma’lum qildi.
Afg‘onistonda hokimiyatni “Tolibon”ga topshirib, iste’foga chiqqan G‘ani qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda. Biroq, u Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan bayonotida mamlakatni qon to‘kilmasligi uchun tark etganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi