Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etishi kutilmoqda — OAV
Olam
−
14 avgust 2021
21015Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani yaqin vaqtlar ichki siyosatdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan xalqiga murojaat qilishi va mamlakatni tark etishi kutilmoqda. Bu haqda “Al Mayadeen” telekanali xabar tarqatgan.
Telekanal muxbiri aniqlik kiritishicha, G‘ani murojaat bilan chiqgach, istalgan vaqtda mamlakatni tark etishi mumkin. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan, ammo rad ham etilmagan.
AQSH Afg‘onistondagi qurolli operatsiyani tugatgani va qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaganidan so‘ng, “Tolibon” harakati hukumat pozitsiyalariga qarshi hujum boshladi. Turli manbalarga ko‘ra, toliblar Afg‘oniston hududining 85 foizigacha, jumladan Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh hududlarni nazorat qilmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi