Ash-Shara Suriya xalqiga murojaat qildi
Olam
−
19 iyul 10739 4 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara druzlar va badaviylar o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlar davlat aralashuvi tufayli nazorat ostiga olinganini aytdi. Bu haqda u bugun, 19 iyul kuni Suriya xalqiga yo‘llagan telemurojaatida ma’lum qildi.
Uning fikricha, aralashuvsiz vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin edi. Ash-Shara Suvaydadagi so‘nggi voqealar xavfli burilish nuqtasiga aylanganini, biroq Suriya davlati barcha qiyinchiliklarga qaramay, vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Isroilning Damashqdagi janubiy hududlar va hukumat muassasalariga hujumlari tufayli vaziyatning xavfli yomonlashuviga e’tibor qaratdi. Bunga javoban AQSH va arab davlatlari mojaroni hal qilish uchun vositachilik harakatlarini kuchaytirdi.
Ash-Shara Suvaydaning ayrim tumanlaridan kuchlar olib chiqilgach, qurolli guruhlar badaviylar va ularning oilalariga qarshi qasoskor hujumlar boshlaganini, bunda inson huquqlari buzilishi kuzatilganini eslatdi. Bunga javoban boshqa qabilalar ham badaviylarning qamalini olib tashlash uchun harakatga kirishdi.
Ash-Shara arab qabilalarini otashkesimga qat’iy rioya qilishga chaqirib, davlat Suvayda va uning mamlakat barqarorligini ta’minlashdagi rolini doimo qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.
U tashqi kuchlarga tayanib, Suvaydadan xalqaro mojarolar vositasi sifatida foydalanishga urinishlarni qoraladi, bu esa inqirozni yanada kuchaytiradi va Suriya birligiga tahdid soladi.
Suriya muvaqqat prezidenti arab qabilalari an’anaviy tarzda mamlakat birligi va barqarorligini saqlashda muhim rol o‘ynaganini, biroq ayrim guruhlar davlat hokimiyati o‘rnini bosa olmaydigan tahdidlarni o‘zlari yengishga harakat qilganini ta’kidladi. Uning fikricha, suverenitetni himoya qilish va xavfsizlikni ta’minlash vakolati faqat davlatga tegishli.
Ash-Shara qabilalarga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, ularni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilishga va davlat buyruqlariga bo‘ysunishga chaqirib, butun Suriya xalqining kelajagi uchun birdamlik zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u AQSH, Turkiya, arab davlatlari, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Xitoyga bu boradagi faol va qat’iy pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Uning qayd etishicha, druzlar jamoasi ayrim guruhlarning og‘ishlariga qaramay, Suriya milliy birligining muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Ash-Shara davlatning barcha ozchiliklar va diniy e’tiqodlarni himoya qilish bo‘yicha qat’iy majburiyatini yana bir bor ta’kidladi va inson huquqlarining buzilishi uchun javobgarlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortilishi qat’iyligini ta’kidladi.
U ehtiyotkor va dono rahbarlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirar ekan, Suriyaning kuchi uning xalqi birligi, mustahkam mintaqaviy va xalqaro aloqalar, milliy manfaatlar uyg‘unligida ekanini ta’kidladi.
Suriyadagi janglar
13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.
Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.
Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.
Suriya inson huquqlari observatoriyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaydadagi zo‘ravonliklarda kamida 718 kishi halok bo‘lgan. Suriyalik inson huquqlari faollari 146 druz jangchisi va 245 tinch aholining o‘limini qayd etgan. Bundan tashqari, Suriya armiyasining 287 askari va 18 badaviy jangchisi, shuningdek, uch badaviy halok bo‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari markazining ma’lum qilishicha, Isroil havo hujumlarida yana 15 nafar suriyalik askar halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak Isroil va Suriya AQSH, Turkiya, Iordaniya va davlatlar ko‘magida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. Suriya muvaqqat prezidenti ma’muriyati ham butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qildi.