Suriya va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi
Olam
−
19 iyul 2025 4267 2 daqiqa
Isroil va Suriya AQSH, Turkiya, Iordaniya va davlatlar ko‘magida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak o‘zining X’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara AQSH ko‘magida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Kelishuvni Turkiya, Iordaniya va mintaqa davlatlari qo‘llab-quvvatladi”, deya yozgan Tom Barrak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH druzlar, badaviylar va sunniylarni qurolni topshirishga, boshqa guruhlar bilan birga “tinchlik va farovonlik yo‘lida yangi, yagona milliylikni barpo etishga” da’vat qilmoqda.
Suriya va Isroil o‘rtasidagi mojaro
13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.
Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.
Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH Isroil va Suriya o‘rtasidagi “tashvishli va dahshatli vaziyat”ga yakun yasovchi choralarni kelishib olgani haqida aytgandi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar