Damashq Suriya bo‘ylab keng qamrovli otashkesim e’lon qildi

Olam

image

Suriya muvaqqat prezidenti ma’muriyati butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qildi. Bu haqda rasmiy bayonotda so‘z boradi.

“Suriya xalqi o‘rtasida qon to‘kilishini oldini olish maqsadida hamda davlatning milliy va insonparvarlik mas’uliyatiga muvofiq, keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi bayonotda.

Suriya rasmiylari mojarodagi barcha tomonlarni davlat institutlari va xavfsizlik kuchlarini sulhni amalga oshirish, vaziyatni barqarorlashtirish va qon to‘kilishini to‘xtatish uchun zarur maydon bilan ta’minlashga chaqirdi.

Bayonotda barcha qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, shuningdek, tinch aholini himoya qilish va insonparvarlik yordamiga to‘siqsiz kirish kafolatlarini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan.

Ma’muriyat ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya xavfsizlik kuchlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish, jamoat tartibini himoya qilish va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator hududlarga hozirdanoq joylashishni boshlagan. Bu chora-tadbirlar mamlakatda “tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash”ga qaratilgan.

Suriyadagi janglar

13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.

Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.

Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.

Suriya inson huquqlari observatoriyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaydadagi zo‘ravonliklarda kamida 718 kishi halok bo‘lgan. Suriyalik inson huquqlari faollari 146 druz jangchisi va 245 tinch aholining o‘limini qayd etgan. Bundan tashqari, Suriya armiyasining 287 askari va 18 badaviy jangchisi, shuningdek, uch badaviy halok bo‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari markazining ma’lum qilishicha, Isroil havo hujumlarida yana 15 nafar suriyalik askar halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak  Isroil va Suriya AQSH, Turkiya, Iordaniya va davlatlar ko‘magida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Suvayda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing