Ash-Shara Kremlda. U Putinga nima taklif qildi?

Olam

image

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara kecha, 15 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Moskva bilan Suriya o‘rtasida ilgari tuzilgan barcha kelishuvlarga hurmat bilan yondashishini va ularga amal qilishini aytdi. Bu bayonot Rossiyaning Suriyadagi ikki asosiy harbiy bazasi xavfsizligi saqlanishiga ishora qiladi.

O‘tgan yili Putinning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Bashar Asadni ag‘darib, hokimiyatga kelgan sobiq “Al-Qoida” tarmog‘i rahbarlaridan biri bo‘lgan Ahmad ash-Shara birinchi marta prezident sifatida Rossiyaga tashrif buyurib, Kremlda muzokaralarni o‘tkazdi.

“Rossiya bilan bizni bog‘lab turuvchi ikki tomonlama munosabatlar va umumiy manfaatlar mavjud. Biz u bilan tuzilgan barcha kelishuvlarni hurmat qilamiz. Hozirda Rossiya bilan munosabatlar tabiatini qayta belgilash ustida ishlayapmiz”, dedi ash-Shara Putinga qarata.

Putin esa, o‘z navbatida, Moskva Damashq bilan munosabatlarni yangilash va rivojlantirish borasida “ko‘plab qiziqarli va foydali tashabbuslar”ni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Neft loyihalari va Rossiya harbiy bazalari

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy mavzulardan biri – Rossiyaning Suriyadagi iqtisodiy va harbiy ishtiroki bo‘ldi. Moskva Suriyada neft loyihalariga qayta kirish va infratuzilmani tiklashda ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak muzokaralardan so‘ng Rossiya investitsiyaga tayyor ekanini bildirdi.

“Rossiya kompaniyalari Suriyada anchadan beri ishlab keladi. Bor konlar, to‘xtatilgan konlar va yangi maydonlar bor – biz ularni rivojlantirishda ishtirok etishga tayyormiz”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida neft, energiya, temiryo‘llar va urushda vayrona bo‘lgan boshqa ob’ektlarni tiklash masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Kreml muzokaralardan oldin Suriyadagi Rossiyaning ikkita asosiy harbiy bazasi taqdiri muhokama qilinishi haqida ma’lum qilgan edi. Gap Latakiya viloyatidagi Xmeymim havo bazasi va qirg‘oq bo‘yidagi Tartus dengiz bazasi haqida ketmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyaning Turkiya va Iroq chegarasi yaqinidagi Qamishli aeroportida ham harbiylari bor. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvalroq Moskva Suriyadagi bu bazalarni saqlashidan manfaatdor ekanini aytgan va ular Afrikaga gumanitar yordam yetkazish uchun logistika markazi sifatida ham qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Suriya manbalariga ko‘ra, ash-Shara hukumati Moskvadan ikki muhim kafolat so‘rayapti:

  1. Rossiya Asad qo‘l ostidagi eski kuchlarni qayta qurollantirmasligi kerak.
  2. Suriya armiyasini qayta tiklashda Rossiyadan yordam kutilyapti.

Ahamiyatlisi, ash-Shara Putinga ilgari tuzilgan barcha Rossiya-Suriya kelishuvlari, xususan, harbiy bazalar bo‘yicha shartnomalarga hurmat bilan yondashishini aytdi. Bu esa Moskva uchun Suriyadagi ta’sirini saqlab qolishga yo‘l ochadi.

Nozik tashrif

Ash-Sharaning Moskvaga tashrifi juda nozik masala edi. Rossiya yillar davomida Asadga qarshi kurashgan suriyalik isyonchilarga qarshi harbiy quvvati bilan yordam berib kelgan, bu isyonchilar esa o‘tgan yil dekabrda ash-Shara rahbarligida hokimiyatni qo‘lga oldi. Keyinchalik Moskva mamlakatidan qochgan Asad va uning oilasiga boshpana berdi. Rus OAVlariga ko‘ra, Asadlar hozir Moskvada yashirin tarzda hayot kechirmoqda.

“Reuters” agentligining ikki suriyalik manbasiga ko‘ra, ash-Shara muzokaralarda Moskvadan Asadni suriyaliklarga qarshi qilingan jinoyatlari uchun qonun oldida javobgarlikka topshirishni rasman so‘rashni rejalashtirgan.

Rossiya chet eldagi o‘z ittifoqchilarini himoya qila olishi bilan faxrlanadi, shuning uchun Asadni Damashqqa topshirishga rozi bo‘lishi ehtimoli juda past. Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiya Asadga boshpana bergan, chunki uning hayoti tahdid ostida bo‘lgan.

Iqtisodiy imtiyozlar umidida bo‘lgan ash-Shara Rossiyadan qulay shartlarda bug‘doy yetkazib berishni qayta tiklash va urushdan yetgan zarar uchun tovon to‘lashni so‘ramoqchi. Shuningdek, u Isroilning janubiy Suriyada kengroq harbiylashtirilmagan hudud yaratish talablariga qarshi Moskva ko‘magiga umid qilmoqda.

Ikki manbadan birining so‘zlariga ko‘ra, u Isroilning yanagi cheklovchi harakatlariga qarshi kafolat sifatida Rossiya harbiy politsiyasini yana joylashtirish masalasini ham ko‘tarishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Vladimir Putin Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing