Asadning yana bir amakivachchasi qo‘lga olindi
Olam
−
21 iyun 8996 1 daqiqa
Suriya Bosh razvedka boshqarmasi mamlakat sobiq prezidenti Bashar Asadning amakivachchasi Vasim Asadni qo‘lga oldi. Bu haqda Suriya Ichki ishlar vazirligiga tayanib, “Step news” nashri xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari bilan hamkorlikda Vasim Asadni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazgan.
Qo‘lga olish amaliyoti Suriya va Livan chegarasida joylashgan Tel-Kallax hududida o‘tkazilgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu operatsiya “puxta rejalashtirilgan maxsus tadbir” bo‘lgan. Vasim Asad giyohvand moddalar savdosi va boshqa bir qator jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad 2024 yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Shundan so‘ng u Rossiyaga qochib ketgan. Uning qarindoshlari esa qo‘lga olinmoqda. Xususan, o‘tgan yil dekabrda Livan hukumati Bayrutning Rafiq Haririy nomidagi xalqaro aeroportida Bashar Asadning amakivachchasi Duraid Asad, uning rafiqasi va qizini soxta pasport bilan mamlakatni tark etishda ayblab, hibsga oldi.
Shuningdek, joriy yilning fevralida Suriyaning muvaqqat hukumat kuchlari sobiq prezident Bashar Asadning amakivachchasi Atef Najibni hibsga oldi. Najib Suriya xalqiga qarshi jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan va uning hibsga olinishi mamlakatda qonunbuzarliklarni tergov qilish va mintaqada xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash choralari doirasida amalga oshirilgan.
Live
Barchasi