Arsen Venger FIFA’ning yangi prezidenti bo‘lishi mumkin

Sport

−

image

FIFA’ning amaldagi prezidenti Janni Infantinoning raqiblari “Arsenal” klubining sobiq bosh murabbiyi Arsen Vengerni tashkilotning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.

Saylovlar 2027 yil mart oyida Marokashda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Nomzodlar ishtirok etish uchun o‘z arizalarini joriy yilning 18 noyabriga qadar topshirishlari mumkin.

Hozirda 76 yoshli Venger FIFA’ning global futbolni rivojlantirish bo‘yicha rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, FIFA prezidentligiga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) rahbari Viktor Montalyani saylovlarda qatnashishni rejalashtirmayotgani aytilmoqda.

56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari kongressda FIFA prezidenti etib saylangan. Keyinchalik u ikki marta raqibsiz qayta saylangan. Arsen Venger 1996-2018 yillarda “Arsenal”ni boshqargan. Uning rahbarligida London klubi Angliya chempionligini uch marta, Angliya kubogini yetti marta qo‘lga kiritgan. Shuningdek, jamoa Chempionlar ligasi va UEFA kubogi finallarida ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, fransiyalik mutaxassis faoliyati davomida Yaponiyaning “Nagoya Grampus”, Fransiyaning “Nansi” va “Monako” klublarida ham ishlagan. U “Monako” bilan Fransiya chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing