Arosatdagi Jeenbekov: Hajga ketgan eks-prezidentni Qirg‘izistonda nima kutmoqda?

Tahlil

image

Qirg‘izistonda eks-prezident unvonini o‘zida saqlab qolgan ikki sobiq rahbar qolmoqda. Bular: 2010-2011 yillarda yurtni boshqargan Roza Otunbayeva va 2017-2020 yillardagi mamlakat rahbari Sooronbay Jeenbekov. Qirg‘iziston tarixida qolgan aksariyat Prezidentlar rahbarlik kursisini tark etganidan so‘ng, katta imkoniyatlar beruvchi eks-prezident unovnidan mahrum etilgan.

Biroq, joriy yilning fevral oyi boshida Sooronbay Jeenbekov va Roza Otunbayevani ham eks-prezident unvonidan mahrum etish talab etila boshlandi. Ushbu ikki siyosatchini sobiq Prezident unvonidan mahrum etish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Ayni damda, Qirg‘izistonda Jeenbekov va Otunbayevanini ushbu maqomdan mahrum etish uchun imzolar yig‘ilmoqda. Qirg‘iz ommaviy axborot vositalarining yozishicha, ularning ikkalasi ham o‘z prezidentligi davrida “qabul qilib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yganlikda” ayblanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy blogerlardan biri sobiq ikki rahbarni unvondan mahrum etish talabi bilan chiqqan.

Sobiq Prezident unvonining ahamiyati

Masalaga boshqa tomondan yondashsak, savol paydo bo‘ladi: bu blogerning tashabbusimi yoki bloger Qirg‘iziston yangi rahbariyati qo‘lidagi siyosiy vositami? Ushbu savolga o‘tishdan oldin, sobiq Prezident unvoni qanday imtiyozlar berishiga aniqlik kiritib olaylik.

Gap shundaki, ushbu unvonga ega bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi bepul tibbiy yordam olish kabi ko‘plab ijtimoiy yengilliklardan tashqari, umrbod daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.

Prezidentlik faoliyatidan so‘ng bunaqa “immunitet”ga ega bo‘lish har qaysi davlat rahbarlarini o‘ylantiradigan mavzu. Ayniqsa, bunday savol diktatorlik rejimlari uchun aktual. Sobiq Sovet mamlakatlari ham bundan mustasno emas.

Sobiq Prezident unvonidan mahrum qilish Qirg‘izistonda an’anaga aylangan

Sharqiy Yevropa va Xalqaro tadqiqotlar markazi mutaxassisi Beate Eshmentning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlarida Prezidentlar “immunitet”ga ega bo‘ladi, ammo ular ushbu immunitetdan mahrum bo‘lishi ham mumkin.

“Qirg‘izistonning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u yerda sobiq Prezidentni unvonidan mahrum qilish va shu asnoda daxlsizlik “immuniteti”ni ham yo‘qqa chiqarish odatiy holga aylanib qolgan”, deydi Beate Eshment.

Qirg‘izistonning mustaqilligini e’lon qilgan Asqar Akayev ham, davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni egallagan Kurmanbek Bakiyev ham, keyinchalik Almazbek Atamboyev ham o‘zlarining davomchilari tomonidan sobiq davlat rahbarligi unvonidan mahrum qilingan.

“Bizda ham kafolatga ega bo‘lgan sobiq rahbarlar bo‘lsin”

Sooronbay Jeenbekovga esa amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovning buyrug‘i bilan eks-prezident unvoni berilgani qiziq holat. 2020 yil noyabr oyida Japarov o‘zining ushbu qarorini quyidagicha izohlaydi:

“Jeenbekovga eks-prezident maqomini bermaslik to‘g‘risida fikrlar bo‘ldi, ammo men butun javobgarlikni o‘z zimmamga oldim. Ushbu unvon Jeenbekovga kelajakda bizda ham zarur imtiyoz va kafolatlarga ega bo‘lgan sobiq rahbarlar bo‘lishi uchun yaxshi niyatda berildi.”

Sooronbay Jeenbekovga ishora

Biroq, Sharqiy Yevropa bo‘yicha mutaxassis Beate Eshment Sadir Japarovning ushbu bayonotiga shubha bilan qaramoqda.

“Haqiqatan ham Sadir Japarov Jeenbekovni ta’qiblardan qutqarishni niyat qilgan, deb o‘ylamayman. Jeenbekovning o‘zi ham undan avvalgi davlat rahbari Atamboyevni ta’qib qilmasligini da’vo qilgan edi, ammo keyinchalik bu shunchaki, vaqt masalasi bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsada, Jeenbekovning mamlakatda uzoq vaqt qolishidan hayratlandim”, deydi nemis mutaxassisi Beate Eshment.

Sharqiy Yevropa bo‘yicha mutaxassis yana bir faktga e’tibor qaratmoqda: Jeenbekovni sobiq Prezident unvonidan mahrum qilish haqida gap-so‘zlar, ayniqsa u joriy yilning 2 fevral kuni Haj ziyorati uchun Qirg‘izistonni tark etganidan so‘ng faollashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuni keng muhokama qilinishi Jeenbekov uchun Vataniga qaytmaslik to‘g‘risida muhim belgi bo‘lishi mumkin.

Inqirozli vaziyatlarni o‘rganish markazining (CSRC) siyosatshunosi Natalya Xaritonova ushbu mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

“Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga muvaffaq bo‘lgan inson borki, ularning hech biri sobiq Prezident maqomida qolmagan. Ularning har biriga qarshi jinoiy ishlar ochilgan. Jamoasi esa qamoqqa tashlangan yoki mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Mantiqan o‘ylab qarasak, Jeenbekovning boshiga Atamboyevning kunini solishdan ko‘ra, uning Makkada yoki boshqa yaxshi joyda qolishiga signal va imkon berilyapti”, deydi Natalya Xaritonova.

Qirg‘izistonda “tozalash” ishlari

Natalya Xaritonovaga ko‘ra, Bishkekdagi yangi hokimiyat Respublikaning butun siyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirishga qaror qilgan: parlament respublikasini prezidentlik bilan almashtirish, shu bilan birga Sadir Japarovning vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirish, “kadrlarni tozalash” ishini amalga oshirish va bo‘sh qolgan lavozimlarga Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining yangi rahbari Qamchibek Tashiyevning “odamlari”ni tayinlash.

Sobiq Prezident Roza Otunbayeva kim uchun xavfli?

“Sobiq Prezident maqomini Roza Otunbayevadan mahrum qilish imkoniyatiga kelsak, ushbu g‘oya uzoq muddatli strategiyani o‘z ichiga olgan”, deydi Natalya Xaritonova.

Siyosiy tahlilchining fikricha, yangi Prezidentning jamoasi mamlakatda uzoq vaqt qolishni rejalashtirgan. Ammo, Milliy xavfsizlik rahbari Qamchibek Tashiyevdan farqli o‘laroq, Sadir Japarovning mamlakat aholisi orasida mavqeyi yuqori emas.

“Japarovning chet elda ham, ayniqsa G‘arbda, shuningdek tashqi aloqalarni boshqaradigan Qirg‘izistondagi siyosiy va ishbilarmon elita vakillari orasida ham “vesi” yo‘q”, deydi Natalya Xaritonova.

Xaritonovaga ko‘ra, Otunbayevada bunday “avtoritet” bor va uni sobiq Prezident maqomidan mahrum qilish haqidagi gaplar ortida Japarovning xalq bilan “Otunbayevaga yaqin bo‘lgan doira” o‘rtasiga tushov bo‘lishi va shu orqali uni mamlakatdan siqib chiqarilishi yoki sud qilinishi yashiringan bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda, mamlakatda yuqori obro‘ga ega Otunbayeva ham Sadir Japarov uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sooronbay Jeenbekov Sadir Japarov Otunbaeva

Baholaganlar

512

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing