Aroqchi Qobulga keldi
Olam
−
26 yanvar
21075Bugun, 26 yanvar kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy bilan uchrashuvda ikki davlatning chuqur tarixiy va madaniy ildizlarga egaligi, ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar juda yaxshi darajada ekanini ta’kidladi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Qobulga tashrif buyurgan siyosiy va iqtisodiy delegatsiyaga rahbarlik qilgan Abbos Aroqchi Eron va Afg‘oniston ikki do‘st, birodar va musulmon davlatlar ekanini ta’kidladi.
“Janobi oliylariga va hamkasblaringizga yaxshi qabul uchun minnatdorchilik bildiraman. Eron va Afg‘oniston, siz aytganingizdek, juda chuqur tarixiy va madaniy aloqalarga ega ikki do‘st, qardosh va musulmon davlatdir”, degan vazir.
Aroqchi, ikki davlatning tarix davomida hamisha yaxshi munosabatlarga ega bo‘lganiga diqqat qaratdi.
“Albatta, ko‘tarilishlar va pasayishlar bo‘lgan, lekin umuman Afg‘onistondagi birodarlarimiz bilan aloqalarimiz juda yaxshi va birodarlarcha edi. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va siyosiy aloqalar yaxshi darajada va umid qilamanki, ushbu tashrif davomida biz munosabatlarni har ikki tomonning milliy manfaatlari yo‘lida yanada kengaytira olamiz. Qo‘shnichilik munosabatlarimizda yanada xavfsizlik va xotirjamlikni ta’minlaymiz. Umid qilamanki, Eron va Afg‘oniston o‘rtasida yanada ko‘proq iqtisodiy aloqalar o‘rnatiladi va bu yaxshi madaniy aloqalar, birodarlik munosabatlari kundan-kunga mustahkamlanib, ular ikki xalqqa ham manfaatli bo‘ladi”.
Uchrashuv avvalida “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Eron delegatsiyasini qutlar ekan, Tashqi ishlar vazirining tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar darajasini oshirishiga umid bildirdi.
“Eron va Afg‘oniston ikki qo‘shni va musulmon davlat bo‘lib, ular doimo bir-birlarining qayg‘u va quvonchlarini baham ko‘radi va tashrifingiz samarali bo‘lishiga umid qilamiz”, degan Muttaqiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” Eron chegarasida Afg‘oniston fuqarolarining otilgani haqidagi xabarlarni tekshirishni boshlaganini ma’lum qilgandi. Nashrlarga ko‘ra, “Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid Eron bilan chegarada afg‘on fuqarolarining o‘limi va jarohat olgani haqidagi “mish-mish”lardan xabardor, “Tolibon” va ularning diplomatik vakillari mazkur hodisani o‘rganyapti. Eronning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Hassan Kozimiy Qomiy bu xabarlarni rad etib, “ishonchli manbalar” bilan bevosita kuzatishlar natijasida da’volarga asos yo‘qligini ta’kidlagan. U davlatlar noqonuniy chegaradan o‘tishga qarshi “qonuniy” choralar ko‘rish huquqiga ega ekanini alohida qayd etgan.
LiveBarchasi