Armanistonda Jennifer Lopezning konsertidan so‘ng stadion jiddiy zararlandi
Sport
−
07 avgust 80433 2 daqiqa
Joriy yilning 3 avgust kuni amerikalik megayulduz Jennifer Lopez Armanistondagi Respublika stadionida “Up All Night – Live in 2025” gastrol safari doirasida konsert berdi. Mazkur konsert dasturidan so‘ng Respublika stadionining chimi og‘ir ahvolga kelgan. Bu haqda “Sputnik Armeniya” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, chim nafaqat yomon, balki juda yomon holatda. Uni avvalgi holatiga keltirish uchun stadion xodimlaridan ulkan mehnat talab etiladi. Nashr manbalari Lopez konsertidan keyin stadionga borgan va maydonda futbol o‘yini o‘tkazishning hozircha mutlaqo imkoni yo‘qligini bildirgan. Holbuki, Armaniston chempioni “Nux” agar Yevropa Ligasi pley-off bosqichiga yo‘l oladigan bo‘lsa, joriy yilning 21 avgust kuni aynan shu stadionda navbatdagi o‘yinini o‘tkazishi kerak. Biroq ushbu muddatgacha chimni talab darajasiga yetkazishning imkoni yo‘q.
Stadion direktori Ashot Barsegyan uni tiklash ishlari boshlanganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, konsertdan so‘ng chim biroz sarg‘aygan xolos.
“Uni shunchaki sug‘orish va silliqlab tekislashtirish kerak. Bundan ortiq hech narsa zarur emas”, degan u.
Lekin mahalliy manbalar faqatgina sug‘orish bilan ish bitmasligini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 avgust kuni Jennifer Lopez “Up All Night – Live in 2025” sayyor chiqishlari doirasida O‘zbekistonda chiqish qiladi. Uning konsert dasturi esa Toshkentdagi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinlari o‘tkaziladigan, shuningdek, “Bunyodkor” klubining uy maydoni hisoblanuvchi “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladi. Ushbu stadion chimi bilan bog‘liq muammolar stadion ochilgan 2012 yildan beri mavjud edi. 2022 yilda esa stadionning drenaj tizimi qayta ishlab chiqildi va maydonning balandligi bir necha metrga ko‘tarildi. Shu bilan birga gibrid – sun’iy va tabiiy chim aralashmasi yotqizilib, muammolar ijobiy yechim topdi. Bu davr oralig‘ida stadionda futbol bilan bog‘liq bo‘lmagan katta tadbirlar o‘tkazilmagan va bugungi konsertdan maydon maysasi qay ahvolda chiqishi so‘roq ostida.
Live
Barchasi