Armanistonda Bosh vazirni haqorat qilgan ikki muxolifatchi hibsga olindi (video)
Olam
−
22 mart
4281Arman politsiyasi Yerevanda amaldagi hukumat va Bosh vazir Nikol Pashinyanni qattiq tanqid qilgan ikki muxolifatchi, “Imnemimi” podkastining hammualliflari va boshlovchilari Narek Samsonyan va Vazgen Sagatelyanni hibsga oldi. Bu haqda bugun, 22 mart kuni Narek Samsonyanning advokati jurnalistlarga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayblanuvchilar Armaniston Respublikasi Jinoyat kodeksining 297-moddasi 2-qismi 1 va 3-bandlari bilan qo‘zg‘atilgan, Armaniston Tergov qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilgan jinoiy ish doirasida qo‘lga olingan.
Samsonyanning advokati Ruben Melikyan jurnalistlarga ma’lum qilishicha, muxolifatchi bezorilikda ayblanib hibsga olingan, bu esa 5 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Unga ko‘ra, Samsonyan va Sagatelyanning YouTube platformasidagi “Imnemnim” podkastida hukumat vakillariga nisbatan aytgan so‘zlari javobgarlikka sabab bo‘lgan.
“Narek Samsonyan magnitofon o‘g‘irlagani yoki kimgadir zo‘ravonlik qilgani uchun emas, balki “Imnemnim” podkastini yopish maqsadida hibsga olingan. Buni bezorilik deyishmoqda va odamlar qamalyapti”, degan advokat.
Bundan tashqari, u muxolifatchilar avval oqlangan bo‘lishiga qaramay qo‘lga olingan. Melikyanning fikricha, bu so‘z erkinligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba, siyosiy repressiya.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Armaniston politsiyasi Bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilib, ko‘chalarni to‘sgan 142 nafar namoyishchini hibsga olgan edi.