Armaniston va Ozarbayjon tinchlik bitimi bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
13 mart 5255 3 daqiqa
Armaniston va Ozarbayjon o‘nlab yillar davom etgan mojarolarida tinchlik bitimi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bugun, 13 mart kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Armaniston bilan tinchlik shartnomasi matni bo‘yicha muzokaralar jarayoni yakunlandi”, dedi Bayramov.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi ham “Armaniston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida”gi shartnoma imzolashga tayyorligini ma’lum qildi.
“Yerevan hujjatni imzolash vaqti va joyi bo‘yicha Baku bilan maslahatlashuvlarni boshlashga tayyor”, deyiladi TIV bayonotida.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, diplomatik kanallar orqali Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga Armaniston qo‘shni davlatning tinchlik kelishuvi loyihasining kelishilmagan ikki moddasi bo‘yicha takliflarini qabul qilishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Yerevan tinchlik shartnomasini kelishish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qilishni taklif qilgani, biroq “rasmiy Baku bir tomonlama bayonot berishni ma’qul ko‘rgani” xabar qilingan.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon bilan muzokaralar yakunlanganini muhim voqea deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat murosadir, chunki unda ikki band bo‘yicha imtiyozlar mavjud.
“Ushbu qoidalar uchun ideal matn tuza olmasligimiz ayon bo‘lgach, biz Xavfsizlik Kengashi formatida muhokamalar o‘tkazdik va hujjatning mavjud mazmunini maqbul bo‘lishi mumkin bo‘lgan murosa varianti deb hisoblash mumkin degan xulosaga keldik”, deb ta’kidladi u.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik bitimi matnida Yevropa Ittifoqining Armanistonda bo‘lgan kuzatuvchilari haqida hech qanday gap yo‘q, biroq uchinchi davlat kuchlarini kiritmaslik haqidagi band bor.
“Bu hujjat kuchga kirgach, Armaniston ham, Ozarbayjon ham chegaraning butun uzunligi bo‘ylab uchinchi davlat qo‘shinlarini joylashtirmasligi kerak, degan ma’noni anglatadi”, deya tushuntirdi u.
Pashinyan, shuningdek, “kelishuv loyihasida faqat Armaniston yoki Ozarbayjonga tegishli band yo‘qligini” ta’kidladi, ularning barchasi har ikki davlatga birdek tegishli.
Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik muzokaralari
Avvalroq Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasining 17 ta bandidan 15 tasi bo‘yicha kelishib olgani ma’lum bo‘lgan edi.
Muvofiqlashtirilmagan yagona masala xalqaro sudlarda o‘zaro da’volardan tiyilish va chegaraga uchinchi davlat kuchlarini kiritmaslik haqidagi moddalar bo‘ldi.
Tinchlik rejasining bir qismi sifatida Ozarbayjon Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni talab qilmoqda.
Respublika Asosiy Qonunining 1-moddasida Armaniston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 23 avgustda qabul qilingan mamlakat Mustaqillik Deklaratsiyasiga havola mavjud. Ushbu deklaratsiyaning boshida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi “Birlashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ishora qilingan.
“Ularning konstitutsiyasidagi ushbu band bilan bu mumkin emas, chunki konstitutsiya boshqa har qanday hujjatdan, shu jumladan xalqaro shartnomadan ham ustundir. Shunday ekan, bir kun kelib ular o‘z fikrini o‘zgartirib, sentyabrda qilgan ishimizni yana qilishimiz kerak bo‘ladigan vaziyatga tushib qolishni istamaymiz”, deya o‘z davlatining pozitsiyasini tushuntirgan edi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev.