Armaniston Solovyovning ko‘rsatuvlarini blokladi

Olam

image

Armaniston hukumati Rossiyaning “Vladimir Solovyov bilan oqshom” va “Vladimir Solovyov bilan yakshanba oqshomi” nomli siyosiy tok-shoularini ommaviy multipleksda ko‘rsatilishini blokladi. Bu haqda Armaniston teleradioeshittirish tarmog‘ida xabar berildi.

“Armaniston teleradioeshittirish tarmog‘i Armaniston Respublikasi hududida RTR-Planeta telekanalida efirga uzatilgan “Vladimir Solovyov bilan oqshom” va “Vladimir Solovyov bilan yakshanba oqshomi” mualliflik ko‘rsatuvlarining multipleksda ommaviy efirga uzatilishini to‘sib qo‘ydi.”, deb xabar berdi televideniye tarmog‘i Facebook'dagi sahifasida.

Televizion tarmoq Armaniston televideniye va radio komissiyasi tomonidan aniqlangan “doimiy qoidabuzarliklar” tufayli tok-shouni efir jadvalidan olib tashladi.

Tok-shoularda ommaviy kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning 5 va 6-moddasi buzilgan. Ushbu moddalarga ko‘ra, dasturlar ichki siyosiy hayotga aralashmasligi yoki haqoratomuz mazmunga ega bo‘lmasligi kerak.

Rossiyaning eng mashhur targ‘ibotchilaridan biri Vladimir Solovyovning mualliflik kanallari Youtube'da 2022 yil mart oyidan boshlab bloklangan. Bunga platformadan foydalanish shartlarining buzilishi sabab bo‘lgani aytilgan.

An’anaga ko‘ra, yaqin va ittifoqchi sifatida ko‘rilgan Rossiya va Armaniston munosabatlari 2023 yilda sezilarli darajada sovuqlashdi. Xususan, Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi ishtirokini amalda to‘xtatdi, Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sudga qo‘shildi, Rossiyaga Yerevan aeroportida FXX chegarachilari ishini to‘xtatish to‘g‘risida rasmiy xat yubordi va Armaniston banklari Rossiyaning “Mir” kartalari qabul qilishni to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Armaniston Vladimir Solov'yov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing