Armaniston Ozarbayjon bilan qurollanish poygasiga bardosh bera olmaydi – Aliyev
Olam
−
18 dekabr
2050Armaniston G‘arb tomonidan bepul yoki kredit asosida yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘ yordamiga qaramasdan Ozarbayjon bilan qurollanish poygasiga dosh bera olmaydi. Bu haqda bugun, 18 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev RIA Novosti’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bu zararli yo‘l deb hisoblayman. Birinchidan, Armaniston biz bilan qurollanish poygasiga bardosh bera olmaydi. G‘arbdan qurol-yarog‘ning ko‘p qismini bepul yoki keyinchalik, tabiiyki, kredit hisobiga olishlariga qaramasdan ular bu poygada bizga bas kela olmaydi. Tinchlik shartnomasi va bir vaqtning o‘zida Armanistonning bizga qarshi qurollanishi – bu o‘zaro mos kelmaydigan yo‘nalishlardir”, dedi Aliyev.
Shuningdek, Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Qarabog‘ okkupatsiyasi davrida Ozarbayjonga yetkazilgan zarar miqdori 150 milliard dollar atrofida baholanmoqda.
“Biz yaqinda yetkazilgan zarar bo‘yicha batafsil tahlilni yakunladik. Bu jarayon to‘rt yil davom etdi va hujjatlar bilan qayd etildi. Umumiy hisobda bu 150 milliard dollardan oshadi”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Armaniston 2023 yildan boshlab Parijdan harbiy yordam olishni boshlagan. Armaniston armiyasi uchun birinchi zirhli texnika partiyasi Gruziya orqali mamlakatga yetkazib berilgan. 2023 yilning oktyabr oyida Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Parijning Armanistonga uchta Ground Master 200 ( GM200 ) radar tizimini sotishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Fransiyaning MBDA raketa tizimlari ishlab chiqaruvchisi bilan Mistral portativ zenit-raketa komplekslari bo‘yicha hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Armaniston, shuningdek, Fransiyadan CAESAR artilleriya qurilmalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Yana, fransuz-nemis mudofaa konsorsiumi KNDS bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolangan, biroq bu shartnomaning tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Bundan tashqari, 2022 yilda Armaniston Hindiston bilan Akash raketa tizimining 15 komplektini sotib olish uchun qiymati 710 million dollar bo‘lgan bitim tuzgan. Shuningdek, Hindistonning Zen Technologies kompaniyasi bilan 41,5 million dollarlik dronlarga qarshi tizim yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Esaltib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armanistonning sobiq Sovet Ittifoqi davrida mavjud bo‘lgan chegaralaridan voz kechishi davlat suvereniteti va mustaqillikdan voz kechish bilan teng ekanini bildirgan edi.
LiveBarchasi