Armaniston KXSHTni moliyalashtirmaydi - TIV
Olam
−
09 may
5194Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT)ni moliyalashtirishni to‘xtatadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston 2023 yil 23 noyabrdagi “KXSHTning 2024 yilgi byudjeti to‘g‘risida”gi qarorga qo‘shilmaydi. Shuningdek, tashkilot faoliyatini moliyalashtirishda ishtirok etishdan tiyiladi. Ammo poytaxt Yerevan bu qarorning qabul qilinishiga qarshi emas.
Ushbu harakatlarga 2021-2022 yillarda bo‘lib o‘tgan Tog‘li Qorabog‘ voqealari sabab bo‘lishi mumkin. Chunki avvalroq Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan ushbu yillar davomida Armanistonga nisbatan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi bajarilmaganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, 2021-2022 yillarda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ hududiga egalik borasida kelishmovchiliklar sabab qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. 2 yillik kurashlardan so‘ng, 2023 yil 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi hamda Ozarbayjon hududi tarkibiga kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armanistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) bilan munosabatlarini amalda muzlatib qo‘yilishini mamlakatning KXSHTda doimiy vakili yo‘qligi bilan izohlagandi.
LiveBarchasi