Armaniston Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini talab qildi
Olam
−
12 avgust 2023
2984Kecha, 11 avgust kuni Armaniston BMTga Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilish uchun Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Armanistonning versiyasiga ko‘ra, Ozarbayjon tomonidan Lochin yo‘lagining yopilishi “Qorabog‘dagi tinch aholini majburiy to‘liq blokada qilish”ga olib kelgan. Xususan, asosiy tovarlar, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i taqchilligi kuchaygan. Bundan tashqari, Ozarbayjonning Qorabog‘ga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishda “qasddan, doimiy ravishda” uzilishlar hosil qilishi odamlarning turmush tarziga katta zarar yetkazgan.
“Aholi uchun hayotga to‘g‘ri kelmaydigan shart-sharoitlarni qasddan yaratish Qorabog‘ning tub aholisiga qarshi ommaviy jinoyatdan boshqa narsa emas. Hozirgi sharoitda Armaniston hukumati global xavfsizlikni ta’minlash va yirik jinoyatlar, jumladan, urush jinoyatlari, etnik tozalash, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsidning oldini olish bo‘yicha asosiy organ sifatida BMT Xavfsizlik Kengashining aralashuviga intilmoqda”, deyilgan Armaniston TIV bayonotida.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa Armaniston mintaqaga “uchinchi davlatlar”ni jalb qilmoqchi, degan xavotirda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyor ekani, buning evaziga ushbu mintaqada yashovchi armanlarning huquqlari va xavfsizligi kafolatlanishi kerakligini aytgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa yaqin oylarda Armaniston bilan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlanishiga umid qilishini bildirgan, shuningdek, Armaniston rasmiylari garchi og‘zaki bayonotlarda Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olgan bo‘lsada, bu borada hujjat imzolanishi kerakligini aytdi.