Armaniston Ikkinchi Qorabog‘ urushidan to‘liq saboq olgani yo‘q – Ilhom Aliyev

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Armanistonning chegarada xizmat qilayotgan askarlariga achinishini aytdi. Ular sovuqda, chodirlarda tunab xizmat qilishyapti, deydi davlat rahbari mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida. 

Ilhom Aliyevga ko‘ra, bugun Qorabog‘da qo‘lga kiritilgan shaharlarni minalarda tozalash ishlari davom etmoqda. Ag‘dam va Shusha shaharlarining bosh rejalari allaqachon tayyor bo‘lgan. 

“Biz birinchi navbatda elektrotexnika iqtisodiyotini yaratishimiz kerak edi, chunki ozod qilingan yerlarning, xususan, tog‘li hududlarning relefi shundayki, infratuzilmasiz harbiy xizmatchilar uchun u yerda xizmat qilish juda qiyin yoki imkonsiz bo‘ladi. Tasavvur qiling-a,  sovet davrida Armanistonga tutash Kalbajar va Lochin viloyatlarida birorta ham aholi punkti bo‘lmagan, chegaradan o‘nlab kilometr uzoqlikda hech kim yashamagan, yo‘llar yo‘q edi. Qor oktyabr oyida yog‘a boshlaydi, may oyida eriydi. 

Birgina ushbu viloyatlar – Kalbajar, Lochin, Zangilon, Gubadli – Armanistonga tutash hududlarda biz 700 kilometrga yaqin yo‘l yotqizdik. Ya’ni, uni xizmat yo‘li, harbiy yo‘l deb hisoblash mumkin. Bu chegaralarga, baland tog‘larga, adirlarga olib boradigan yo‘ldir. 

Uskunalar, mutaxassislar yetkazib berish kerak edi. Boshqa tomondan esa ishchilarimizga Armaniston tomonidan tinimsiz o‘q uzilmoqda. Afsuski, Armaniston Ikkinchi Qorabog‘ urushidan to‘liq saboq olgani yo‘q. Shunday qilib, biz buni o‘ta og‘ir sharoitlarda uddaladik va bugun biz butun chegara bo‘ylab asosiy chegara nuqtalarida joylashganmiz. Va nafaqat joylashdik, balki u yerda xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy infratuzilma ham yaratdiye. Chunki u yerlar juda sovuq va xizmat qilish nihoyatda qiyin. Qorning qalinligi 3-4 metrga yetadi. Bugun oziq-ovqat va ashyolar bor, yo‘llar va elektr tarmoqlari tortilgan. Arman postlariga qarab, ularning qanday ayanchli ahvolda ekanliklarini ko‘ramiz. Ya’ni, ular chodirlarda to‘planishadi, muzlashadi”, deydi Prezident Aliyev. 

Ozarbayjon rahbariga ko‘ra, mamlakat nafaqat istisodiy jihatdan, balki kadrlar nuqtai nazaridan ham mustaqil va bugun Qorabog‘ni qayta kurish jarayonida ozarbayjonlik kadrlar fidoyilik bilan mehnat qilmoqda. 

“Biz bir yil ichida barcha ozod qilingan yerlarda 7 ta podstansiya qurib, ularni umumiy halqa tarmog‘iga uladik. Bugun ularning hech biri oflayn rejimda ishlamaydi. Ya’ni, masalan, bugungi kunda u yerda olingan quvvatlar va GESlarda ishlab chiqarilgan quvvatlar umumiy tarmoqqa kiradi. Shunday qilib, bu bizga inqirozli vaziyatdan qochish imkonini beradi. Bu ham juda katta va qiyin ish edi. Bu bizning nafaqat moliyaviy, balki texnik jihatdan ham, mutaxassislarning mavjudligi nuqtai nazaridan mustaqil ekanligimizdan dalolat beradi. Biz hech kimdan yordam olmadik, hamma narsani o‘zimiz qildik”, deydi Prezident. 

Qorabog‘ urushi va rossiyalik askarlar

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi. Ikki tomon o‘rtasida davom etgan 44 kunlik urushda Turkiyaning yordami bilan Ozarbayjonning qo‘li baland keldi. 

O‘sha yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar. 

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.  

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi. 

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.  

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.

Hozirgacha Ozarbayjon Mudofaa vazirligi chegarada Armaniston tomonidan provokatsiyalar amalga oshirilayotgani va unda harbiylar qurbon bo‘layotgani haqida xabarlar e’lon qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev

Baholaganlar

57

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing