Armaniston Ozarbayjonga mintaqaviy aloqalarni ochish taklifini yubordi
Olam
−
13 noyabr
2030Armaniston hukumati mintaqaviy aloqalarni ochish bo‘yicha Ozarbayjonga taklif yo‘lladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 13 noyabr parlamentdagi hukumat soati davomida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, Armanistonning taklifi ikkala davlat uchun ham maqbul bo‘lishi mumkin. Hukumat, shuningdek, tinchlik bitimi bo‘yicha hali kelishilmagan ikki modda yuzasidan ham Bakuga takliflar taqdim etgan.
“Mintaqaviy aloqalarni ochish masalasida tomonlar to‘liq va o‘zaro maqbul bo‘lgan qarorga kelishi mumkin. Bu taklifni biz allaqachon yozma shaklda Ozarbayjonga taqdim etdik”, dedi Pashinyan.
Uning bildirishicha, mintaqaviy aloqalar bo‘yicha taklif Ozarbayjonga BRICS sammiti chog‘ida, Qozonda topshirilgan. Pashinyan mazkur sammitdagi ishtirokini muhim va samarali bo‘lganini aytib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvini alohida qayd etgan.
“Ta’kidlashim kerakki, biz hech qachon bu qadar uzoq suhbatlashmagan edik. Juda muhim suhbat bo‘ldi,” dedi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil oktyabr oyida Rossiyaning Qozon shahrida o‘tgan BRICS sammiti doirasida Pashinyan va Aliyevning uchrashgan edi. Shundan so‘ng ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlariga tinchlik shartnomasini “eng qisqa fursatda” imzolash uchun muzokaralarni davom ettirish topshirilgandi.
LiveBarchasi