Armaniston endi Putinni hibsga oladi 

Olam

image

Armaniston Milliy Assambleyasi (parlamenti) Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qildi. Bu haqda “Armenpress” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ratifikatsiya muhokamalarida faqat Bosh vazir Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” fraksiyasi ishtirok etgan.

Muxolifatdagi “Armaniston” va “Menga sharaf” fraksiyalari ushbu masalani muhokama qilishni boykot qilib, ovoz berishsiz majlisni tark etgan. Parlament spikeri Alen Simonyanning ma’lum qilishicha, ratifikatsiya uchun 60 deputatning 20 nafari qarshi ovoz bergan.

Ta’kidlash joizki, Armaniston 1998 yilda Rim statutini imzolagan, biroq hujjat Armaniston konstitutsiyasiga zid deb topilgach, ratifikatsiya jarayoni 2004 yilda to‘xtatilgan. 2022 yil oxirida Armaniston hukumati ratifikatsiya jarayonini tiklagan.

Rossiya Armaniston tomonidan hujjatning ratifikatsiya qilinishiga faol qarshilik ko‘rsatdi. O‘z navbatida, Armaniston hukumati nizomni ratifikatsiya qilish zarurligini asoslab bergan. 

“Mamlakatimizga qarshi harbiy jinoyatlar sodir etilgan va qilinmoqda. Bizga bu [ratifikatsiya] kerak, mamlakatimizga kerak”, degan parlament spikeri Alen Simonyan sentyabr boshida.

Rim statuti Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan xalqaro shartnomadir. U 1998 yilning 17 iyulida Rimda bo‘lib o‘tgan diplomatik konferensiyada qabul qilingan va 2002 yil 1 iyulda kuchga kirgan. Uni 137 davlat imzolagan va 120 dan ortiq davlat ratifikatsiya qilgan.

Sud genotsid jinoyati, insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush jinoyatlari va tajovuz jinoyatlari kabi jinoyatlar bo‘yicha yurisdiksiyaga ega. Davlat Rim statutining ishtirokchisiga aylangandan so‘ng, u belgilangan jinoyatlar bo‘yicha sudning yurisdiksiyasini qabul qiladi. Biroq, statutning 25-moddasiga muvofiq, Sud davlatlar ustidan emas, balki jismoniy shaxslar ustidan yurisdiksiyaga ega. Sud davlatning ichki yurisdiksiyasidan ustunlikka ega emas.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi. Rossiyaning amaldagi Prezidentiga qarshi Rossiya-Ukraina mojarosi paytida bolalarni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilganlik uchun ayblovlar qo‘yilgan. Putin bilan birgalikda Prezidentning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ham hibsga olish uchun order berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Armaniston Rim statuti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing