Putin va Pashinyan o‘rtasidan “ola mushuk” o‘tdimi? Izoh berildi
Olam
−
13 Oktabr 2023
11247Bugun, 13 oktyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida MDH davlatlari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunidagi matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armanistonning yig‘ilishda ishtirok etmaganiga to‘xtaldi.
“Bosh vazir Pashinyan menga qo‘ng‘iroq qildi, biz u bilan suhbatlashdik, jumladan, bugungi sammit haqida. Armaniston MDHdan hech qayerga chiqib ketmaydi”, dedi Vladimir Putin.
Matbuot anjumanida Rossiya yetakchisi Tog‘li Qorabog‘ masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muammoning sababi Qorabog‘dagi referendum sanasi bo‘lgan. Tomonlar bu borada murosaga kela olmagan.
“Tinchlikparvar kuchlarimiz Qorabog‘da 2025 yilning noyabrigacha qolishi kerak. Biz hamkorlarimiz bilan ularning kelgusidagi harakatlarini muhokama qilamiz”, degan Putin.
Uning ta’kidlashicha, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash uchun hech qanday to‘siq yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Bishkekda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Ikki davlat rahbari mintaqaviy va xavfsizlik masalalarida ham so‘z yuritishgan.
Avvalroq, Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kuchlari tashlab ketgan nuqtalarni Ozarbayjon politsiyasi egallayotgani haqida ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi