Armaniston har doim ham o‘zini MDHga hamkordek tutmaydi – Lukashenko
Olam
−
13 Oktabr 2023
6123Armaniston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) a’zolariga nisbatan har doim ham o‘zini hamkordek tutavermaydi. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko MDH Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi yig‘ilishida ma’lum qildi.
"Birinchi bo‘lib Gruziya bizning guruhni tark etdi, de-fakto Ukraina biz bilan emas. Moldova haqida ham ko‘p savollar bor. Afsuski, Armaniston har doim ham o‘zini hamkordek tutmaydi", degan Lukashenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatni chetdan turib xotirjam kuzatish mumkin emas, aks holda MDH davlatlari "shunchaki parchalanib ketadi".
Shuningdek, Lukashenko G‘arb MDHga putur yetkazish va uni o‘z manfaatlariga bo‘ysundirish harakatlaridan voz kechmayotganini aytdi.
“Eslatib qo‘ymoqchimanki, Hamdo‘stlikni yaratishdan asosiy maqsad Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin aloqalar uzilishining oldini olish edi. Bu esa bizning raqobatchilarimiz - G‘arbga mos kelmadi va hozir ham mos kelmaydi”, degan Lukashenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb “MDHga putur yetkazish”, “uni zaiflashtirish va o‘z manfaatlariga bo‘ysundirish harakatlaridan voz kechmayapti”.
Ma’lumot uchun, MDH Davlat rahbarlari kengashining Bishkekdagi yig‘ilishida Lukashenkodan tashqari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. Armaniston hukumati matbuot xizmati Bosh vazir Nikol Pashinyan Bishkekka uchmasligi haqida xabar bergan.
LiveBarchasi