“Arqadag‘”ning “daxlsizligi” qonuniylashtirildi
Olam
−
24 yanvar 2023
5856Avval xabar berganimizdek, 21 yanvar kuni Turkmaniston parlamentining qo‘shma yig‘ilishida sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga milliy yetakchi maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Endi ushbu qarorga muvofiq, “Turkman xalqining milliy yetakchisi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. U sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va uning oila a’zolariga daxlsizlik huquqi va boshqa qator imtiyozlar berishni nazarda tutadi. Bu haqda “Neytralniy Turkmenistan” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qonunni prezident Serdar Berdimuhamedov imzolagan. Qonunda umummilliy yetakchi va uning oila a’zolarini davlat himoyasi bilan ta’minlash, faoliyatini amalga oshirish uchun davlat tomonidan shart-sharoitlarni yaratish, uning huquq va erkinliklari, hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish masalalari ham nazarda tutilgan. Turkman xalqi milliy yetakchisiga uy-joy, transport, aloqa, tibbiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, moddiy ta’minlash vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, umummilliy yetakchining qonuniy faoliyatiga aralashish, uni kamsitish, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilish javobgarlikka sabab bo‘luvchi holat sifatida belgilangan. Qonunda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish esa Turkmaniston Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi qayd etilgan.
Qonunga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhamedov Milliy yetakchi sifatida Turkmaniston xalqiga davlat tuzumi, ichki va tashqi siyosati, xavfsizligini ta’minlashning muhim masalalari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega.
Alibek Beyjanov