Shavkat Mirziyoyev “Arqadag‘”ni Yangi yil bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 29 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi. Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy salomini yo‘lladi.

“O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida hamkorlik kengaymoqda. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Hududlararo, ishbilarmonlik, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan. Shavkat Mirziyoyev Avazada yirik sammitlar, Ashxobodda Turkmaniston betarafligining 30 yilligi hamda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” munosabati bilan tashkil etilgan forum muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidladi.

Kelgusi yilda bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni davom ettirishga kelishib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston Arqadag'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing