“Arqadag‘”ning “toychog‘i” itga medal, egasiga Toyota Camry sovg‘a qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 25 aprel kuni Turkmanistonda Turkman alabayi va Turkman otining milliy bayramlari birinchi marta birgalikda nishonlandi. Bayram dasturi davomida o‘tkazilgan tanlovda eng kuchli alabayga medal, it bilan kelgan vakilga Toyota Camry sovg‘a qilindi. Bu haqda “Turkmenistan segodnya” davlat axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li, Bosh vazirning o‘rinbosari shu bilan birga Axalteke otlarini tayyorlash xalqaro assotsiatsiyasi va “Turkman alabayi” Xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti hisoblangan Serdar Berdimuhamedov Ashxobod shahrida “Turkman alabayi” Xalqaro assotsiatsiyasi majmuasini ochib bergan.

“Prezidentning o‘g‘li yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi hamda mamlakatning barcha it boquvchilari nomidan alabaylar shuhratini oshirishga qaratilgan sharoitlar uchun [Turkmaniston] Prezidentiga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Keyin telekonferensiya rejimida Axal viloyatida karantin markazi, Bolqon, Toshhovuz, Lebop, Mari viloyatlari hamda Ashxobodda turkman alabayining markazlari ochilgan.

Shundan so‘ng, yangi majmuada “Yilning jasur turkman alabayi” nomli tanlov natijalari e’lon qilingan. Ijodiy tanlov g‘oliblariga Prezident nomidan sovg‘alar topshirilgan. G‘oliblardan biri mamlakat Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkman alabayi” nomli kitob dizayni uchun sovrin yutgan.

Ma’lum bo‘lishicha, davlat chegara xizmatiga tegishli Oqxon laqabli it eng yaxshi alabay, deb topilgan. Serdar Berdimuhamedov itning bo‘yniga medal osib qo‘ygan va itni tanlovga olib kelgan vakilga Prezidentning asosiy sovg‘asi – Toyota Camry kaliti va kurash kubogini topshirgan.

Bayram munosabati bilan mamlakat it boquvchilari nomidan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga Oqbosh ismli kuchukcha sovg‘a qilingan.

Avvalroq Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Serdar Berdimuhamedovni “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan it boquvchi” unvoni bilan taqdirlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Arqadag'

Baholaganlar

645

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing