Arqadag‘ isiriqni koronavirusdan himoyalanish uchun tavsiya qildi

Olam

image

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hukumat yig‘ilishida fuqarolarga koronavirusdan xalq vositalari – isiriq tutuni bilan himoyalanishni tavsiya qildi.

Berdimuhamedov ming yillar davomida turkmanlarning ajdodlari turli kasallik va infeksiyalarga qarshilik ko‘rsatishning milliy uslublarini o‘ylab topganini aytib o‘tgan.

“Bizning dono ajdodlarimiz an’analarga qattiq amal qilgan: muhim voqealarda, yangi uyga ko‘chganda, to‘ylarda isiriqni tutatishgan, shuningdek, yilning ma’lum vaqtlarida ham”, degan Arqadag‘.

Davlat rahbari bugungi kunda ham isiriq tutatilishi davom etayotganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘simlik tutuni organizmga turli viruslar kirishiga to‘sqinlik qiladi.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda hozircha koronavirus bilan bog‘liq holat aniqlanmadi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli uni epidemiya emas, pandemiya deb e’lon qildi. Bu virus bir emas, bir nechta davlatlarni to‘laqonli qamrab olganda e’lon qilinadigan holat hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 145 davlatga kirib bordi. 

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.

Ayni vaqtga qadar koronavirus bilan xastalanganlar dunyo miqyosida 145 810 kishini tashkil etmoqda 5 436 kishi virusdan vafot etdi. Shuningdek, 72 531 kishi ushbu xastalikdan forig‘ bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov koronavirus

Baholaganlar

299

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing