Aripovga 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi
Jamiyat
−
18 yanvar
10860Bosh vazir Abdulla Aripovga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Prezident ushbu yig‘ilishda eksport sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kompleks rahbariyati va hokimlarning 2024 yil uchun eksport rejasi yetarli emasligi qayd etgan.
“Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur”, deydi Prezident.
Lekin, o‘tgan yili 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022 yilga nisbatan eksport hajmlari kamaygan. Shuningdek, 10 ta tuman va shaharda eksport oldingi yil ko‘rsatkichini yarmiga ham yetmagan.
Shu munosabat bilan Bosh vazirga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan, 52 turi bo‘yicha, Hindistonga 38 tadan 32 tasi, Pokistonga 22 tadan 18 tasi, AQSHga 15 tadan 11 tasi bo‘yicha eksport bo‘lmagan.
Yig‘ilishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi tanqid qilingan. Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘ladi. Buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlari to‘liq o‘zgaradi.
LiveBarchasi