Aripov yana Bosh vazir bo‘lsa, nima o‘zgaradi?
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
8186Avval xabar berganimizdek, bugun, 18 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirligiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodi ilgari surildi. Yig‘ilishda ishtirok etgan nomzod Aripov 2030 yilgacha O‘zbekistonni rivojlantirish, bu yo‘nalishda Hukumat oldida turgan 15 ta asosiy vazifalarga to‘xtalib, ulardan 8 tasi o‘ta muhim ekanini ta’kidladi.
Aripov urg‘ulagan 8 muhim vazifa quyidagilar:
birinchi – xalq bilan muloqotni davom ettirish, aholining turmush darajasi va sifatini izchil oshirish, ularning qonuniy talab, ehtiyoj
va murojaatlarini o‘z vaqtida qanoatlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish;
ikkinchi – “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini tubdan takomillashtirish;
uchinchi – makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, bank-moliya tizimini isloh qilish, soliq siyosatini takomillashtirish, iqtisodiyotni, eng avvalo, uning bazaviy tarmoqlarini, agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish, faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirish;
to‘rtinchi – iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini kamaytirish, davlat korxonalarini boshqarishni takomillashtirish, xususiy mulkchilikni yanada rivojlantirish
va mulkdorlarning huquqlarini qonuniy himoya qilinishini mustahkamlash;
beshinchi – tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish va qulay biznes muhitini shakllantirish;
oltinchi – hududlarni, ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan orqada qolayotgan tumanlar va shaharlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish;
yettinchi – ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ish haqi, pensiya va aholining real daromadlarini oshirish
va aholining muhtoj qatlami ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sakkizinchi – ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, faol yoshlar siyosatini amalga oshirish, ayollar mehnati va turmushi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlash.
Bosh vazir lavozimiga nomzod mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun asosiy e’tiborni Hukumat a’zolarining faoliyat samaradorligi
va natijalari bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaratilishini qayd etdi. Mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida tegishli qonunlar, har birida iqtisodiyot tarmoqlari
va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi tegishli qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari loyihalari ishlab chiqiladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi, Urbanizatsiya konsepsiyasi
va 2020–2025 yillarda sanoatni rivojlantirish konsepsiyasi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining o‘rta muddatga mo‘ljallangan strategiya – “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Nomzod tomonidan taqdim etilgan Hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlandi va tasdiqlandi.
Majlis so‘ngida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining mamlakat Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi