Aripov xalqaro avtomagistralni ochib berdi

Jamiyat

image

Bugun, 17 iyul kuni “Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin ochib berdi. 

“Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralini qayta ta’mirlash masalasi ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil 23 mart kuni Nur-Sulton shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyadan o‘rin olgan edi.

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin joriy yil 21 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi doirasida O‘zbekiston rahbariyatiga murojaat qilib, “Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimida hukumat delegatsiyasining ishtirok etishi taklifini bildirgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya “Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda. 

Ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiya, quruvchi-mutaxassislar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan tadbirda mazkur xalqaro ahamiyatga molik yo‘lning qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi mamlakatlarimizning qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlangan. 

Avtomobil yo‘lining uzunligi 84 kilometrni tashkil etadi. Mazkur yo‘lni rekonstruksiya qilish va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt platosi orqali o‘tuvchi xalqaro avtomobil yo‘l bilan tutashtirish uchun 108 million AQSH dollarilik mablag‘ yo‘naltirildi.

“Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” avtomagistrali mamlakatlarimizning iqtisodiyoti yuksalishi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining ortishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonning Qozog‘iston orqali Shimoliy va shimoli-g‘arbiy yo‘nalishlar – Boltiqbo‘yi va Yevropa mamlakatlariga chiqishida, shuningdek, dengiz bo‘yi mamlakatlari bilan bog‘lanishida muhim ahamiyat kasb etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Beyneu – Akjigit – O'zbekiston chegarasi

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing