Argentinada Prezident islohotlariga qarshi namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi
Olam
−
13 iyun
3691Argentina poytaxti Buenos-Ayresda Prezident Xaver Mileyning islohotlariga qarshi norozilik namoyishi paytida ommaviy tartibsizliklar sodir bo‘ldi. Bu haqda “El Pais” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, namoyishlar kecha, 12 iyun kuni sodir bo‘lgan. Tartibsizliklar paytida bino yaqinida minglab odamlar to‘plangan.
Keltirilishicha, avvaliga namoyish tinch o‘tgan. Ammo keyin namoyishchilar tosh va “molotov kokteyli” otishni boshlagan. Shundan so‘ng, politsiya voqeaga aralashishga majbur bo‘lgan. TN nashrining yozishiga qaraganda, xavfsizlik kuchlari olomonga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan va ularga qarata rezina o‘qlar otgan.
“El Pais” nashriga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida kamida 30 kishi hibsga olingan, o‘nlab odamlar yaralangan. TN ma’lumotlari esa 33 nafar odam hibsga olinganligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, telekanal namoyishchilardan ikki nafari mashina o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olinganligini ma’lum qildi.
Senat noroziliklarga qaramay, yig‘ilganlar qarshi chiqqan, iqtisodiyotni tartibga solishni bekor qilishga qaratilgan asosiy qonunni ma’qullagan. Argentina muxolifati esa “iqtisodiy monopoliyalardan faqat aholining umumiy ahvoli og‘irlashadi” deb hisoblaydi.
Xaver Miley ma’muriyati namoyishchilarni “terrorchilar” deb atab, ularni davlat to‘ntarishiga urinishda ayblagan.
Ma’lumot uchun, Argentinada Prezident islohotlariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bir necha oydan beri davom etmoqda. Kongress a’zolari saylangan Prezidentning ayrim islohotlarini konstitutsiyaga zid deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyida TikTok yulduzi Argentina Prezidenti lavozimida ish boshlagandi. Shuningdek, u, yaqin oylarda 70 ming davlat xizmatchisini ishdan bo‘shatmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi