Argentinada Messining raqami kimga berilishi aytildi
Sport
−
16:12 2420 2 daqiqa
Argentinalik 39 yoshli futbol yulduzi Lionel Messining Argentina terma jamoasidagi 10-raqamli libosi Nikolas Pasga berilishi mumkin. Bu haqda “ESPN Argentina” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar terma jamoa bosh murabbiyi Lionel Skaloni mehnat shartnomasini uzaytirsa va terma jamoadagi faoliyati davom etsa, Messining 10-raqamli libosi “Komo” yarim himoyachisi Nikolas Pasga berilishi mumkin.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 21 yoshli yarim himoyachi Argentina terma jamoasi bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Pas guruh bosqichining ikkita uchrashuvida maydonga tushdi, ammo gol ura olmadi.
Nikolas Pas Argentina terma jamoasi safida jami 11 ta o‘yinda ishtirok etib, bitta gol urgan va bitta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan beri Shimoliy Amerika Oliy futbol ligasi (MLS) vakili “Inter Mayami”da to‘p tepib kelmoqda. Yevropada argentinalik futbolchi Fransiyaning PSJ va Ispaniyaning “Barselona” klublarida o‘ynagan. “Barselona” bilan u to‘rt marta Chempionlar ligasi, uch martadan UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Hujumchi 2022 yilgi jahon chempioni, 2014 va 2026 yilgi Jahon chempionatlarining kumush medali sohibi, 2008 yilgi Olimpiada chempioni hamda 2021 va 2024 yillardagi Kopa Amerika g‘olibi hisoblanadi. Messi “Oltin to‘p”ni eng ko‘p marta qo‘lga kiritgan futbolchi – 8 karra sovrin sohibi.
Messi Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham terma jamoa rekordchisi hisoblanadi. Hujumchi jahon chempionatlarida olti marta ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lionel Messi o‘zining Instagram sahifasida Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini rasman ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi