SSV koronavirus bemorlarini davolayotgan xususiy klinikalarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

COVID-19 ga chalingan bemorlarni qabul qilgan xususiy klinikalar davolash standartlarini buzsa, litsenziyasi sud orqali bekor qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantirdi.

Vazirlikda COVID-19 infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov COVID-19 infeksiyasini davolayotgan nodavlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda jami 14 ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmoqda. Shulardan faqat 7 tasi davolashni boshlash uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari va davolash standartlariga rioya qilish bo‘yicha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan. 

Qayd etilishcha, COVID-19 infeksiyasini davolayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining aksariyatida zarur tibbiy asbob-uskunalar yetishmaydi, tegishli mutaxassislar mavjud emas. 

“Eng achinarlisi, ular orasida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilmasdan ish yuritayotganlari mavjud”, deydi vazirlik.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi assistenti Alla Rosstalnaya xususiy klinikalarda COVID-19 infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlarini tahlil qilar ekan, ularga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, ikki va undan ortiq antibiotiklar berilganligini, davolash standartlariga zid ravishda infuzion suyuqliklar quyilganligini ko‘rsatib bergan. 

Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bittadan ortiq antibotikni qo‘llash kasallikning tez suratlarda og‘ir shakliga o‘tib ketishga sabab bo‘lmoqda. Monitoring davomida xususiy tibbiyot tashkilotlarida aynan shunday xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasiga hududiy sanitariya-epidemiologiya tashkilotlari bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyatini monitoring qilib borish, davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing