“Archako‘cha”dagi pichoqbozlik sababi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
08 iyun 2020
20728Avvalroq, Toshkent shahridagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida bir guruh yigitlar pichoqbozlik uyushtirayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi. Keyinchalik, ushbu janjalda qatnashgan yigitlarning biri shifoxonada vafot etgani xabar qilindi. Ma’lum qilinishicha, ushbu pichoqbozlikka sherikchilikda yuritilgan biznesdan kelgan daromad ustidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi QALAMPIR.UZ nashriga xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2020 yil 05 iyun kuni soat 18:55larda Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan shahar tez-tibbiy yordam klinik shifoxonasiga 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro E. M. yo‘lovchi avtomashinasida o‘ng ko‘krak qafasida teshib kiruvchi sanchilgan-kesilgan jarohat bilan olib kelingan.
Aniqlanishicha, 1993 yilda tug‘ilgan M. D. biznes hamkori 1988 yilda tug‘ilgan R. B. bilan Uchtepa tumani, Lutfiy ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan dorixonadan tushadigan daromad yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida o‘zaro janjallashgan. 2020 yil 5 iyun kuni soat 18:30larda D.M. o‘ziga raqobatchi hisoblagan B.R.dan qutilish maqsadida pichoq bilan qurollanib, tamagirlik niyatida, 3 nafar tanishi bilan til biriktirib, belgilangan ko‘rishuv asosida Shayxontohur tumani, Qizilg‘uncha ko‘chasi, 2-uy qarshisida B.R. va u bilan birga kelgan 4 nafar yigit bilan uchrashgan.
Jamoat joyida yuzaga kelgan to‘qnashuv davomida D.M. o‘zi bilan olib kelgan pichoq bilan M.E.ning ko‘krak sohasiga bir marotaba urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada, M.E.ga ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan, olgan o‘ng ko‘krak qafasidagi teshib kiruvchi sanchilgan-kesilgan jarohati tufayli shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 5 iyunda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi "l" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
LiveBarchasi