Araz tugadi. Arab davlatlari Qatar bilan yarashishga oid hujjatni imzoladi

Olam

image

Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Quvayt, Ummon, Saudiya Arabistonini o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi Arab davlatlari hamkorlik kengashining sammiti ishtirokchilari bugun, 5 yanvar kuni Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida Qatar bilan diplomatik inqirozni tugatish to‘g‘risida bitim imzoladilar. Uchrashuvni "Al Arabiya" telekanali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qildi. 

4 yanvar kuni Quvayt tashqi ishlar vaziri shayx Ahmed Nosir as-Saboh tomonidan e’lon qilingan yarashuv bitimi Doha bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan va blokadaning olib tashlanishini, Qatar bilan havo va dengiz va quruqlik chegaralarini ochishni nazarda tutadi.  

“Fors ko‘rfazi mamlakatlari rahbarlariga ushbu dadil qadamlari uchun minnatdorlik bildiraman. Sammit mintaqada birodarlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi”, deydi sammitda raislik qilayotgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon.  

Hujjatni oltita monarxiya ham ma’qullagan. 

Sammitda AQSH Prezidentining katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan. U va Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri Qatar va to‘rtta arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan. Misr prinsipial ravishda Qatar bilan havo aloqalarini tiklashga kelishib olgan.  

2017 yil yozida Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Dohani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda va ularning ichki ishlariga aralashishda ayblab, Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qilgandi. Buning ortidan iqtisodiy sanksiyalar va amirlikning transport blokadasi kuzatildi. Xususan, mamlakatlar Qatar aviatsiyasi uchun havo maydonini yopib qo‘yishdi. Qatar arab qo‘shnilarining qarorini asossiz deb atadi. Keyinchalik, Kvartet Doha imkonsiz deb hisoblagan talablar ro‘yxatini tuzdi va qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ular orasida Eron bilan diplomatik aloqalar darajasining pasayishi, terroristik guruhlar, birinchi navbatda Misrda taqiqlangan "Musulmon birodarlar" bilan barcha aloqalarning tugatilishi, ushbu mamlakatlarning siyosiy muxolifati bilan aloqalarning to‘xtatilishi, Al-Jazira telekanalining yopilishi, Turkiya bilan harbiy hamkorlikning tugatilishi va Qatarda Turkiya harbiy bazasining yo‘q qilinishi bor. 


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni BAA Fors ko'rfazi Qatar Ummon Quvayt Bahrayn

Baholaganlar

73

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing