Arab davlatlari ligasi “Hizbulloh”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi
Olam
−
29 iyun
8365Livanning “Hizbulloh” guruhi kecha, 28 iyun kuni Arab davlatlari ligasining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi yordamchisi Xossam Zakining so‘zlariga tayanib, “Al-Akhbar” gazetasi xabar berdi.
“Arab davlatlari ligasi “Hizbulloh”ning terrorchi tashkilot sifatidagi yorlig‘ini olib tashlashga qaror qildi. Chunki u Livanning hozirgi siyosati va kelajagida hal qiluvchi rol o‘ynaydi”, degan misrlik diplomat.
Zaki 2016 yilda Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan “Hizbulloh” Arab Ligasi tomonidan terrorchi tashkilot deb topilganidan beri birinchi marta partiyaning yetakchi vakili Muhammad Raad bilan uchrashdi. “Hizbulloh” o‘shanda Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab ta’sirini kuchaytirishda va Iroq, Yaman, Livan, Suriya va Fors ko‘rfazi davlatlarining ichki ishlariga aralashishda ayblangan.
“Janubdagi harbiy kuchayish nafaqat Livanda, balki butun Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlikka nisbatan jiddiy muammo tug‘diradi”, degan Zaki.
Shuningdek, diplomat vaziyatni jilovlash uchun barcha tomonlar BMT Xavfsizlik kengashining 1701-rezolyutsiyasiga rioya qilish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat G‘azo sektorida davom etayotgan urushni to‘xtatishni talab qilishi kerak. Bu esa Livan janubidagi qarama-qarshilikni to‘xtatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Qatardan Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida vositachilik qilishni so‘ragani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Isroil zarbasi oqibatida “Hizbulloh” qo‘mondoni halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi