Ar-Riyoddagi muzokaralarga Rossiyadan kimlar borishi aytildi
Olam
−
17 fevral 10560 2 daqiqa
Ertaga, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuvda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya Prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 17 fevral kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuv Rossiya-Amerika munosabatlarini tiklash, Ukraina mojarosi bo‘yicha ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish hamda Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvini tashkil etishga bag‘ishlanadi.
“Bugun Prezident Putin topshirig‘i bilan Tashqi ishlar vaziri Lavrov va Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov Ar-Riyodga uchmoqda. Seshanba kuni Ar-Riyodda ular amerikalik hamkasblari bilan birinchi navbatda Rossiya-Amerika munosabatlarining butun majmuasini tiklashga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda”, degan Kreml vakili jurnalistlarga.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Moskvadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha to‘liq hisobot taqdim etadi.
“Ammo shoshilinch hisobotlar kerak bo‘lsa, unda barcha aloqa imkoniyatlari mavjud”, degan u.
Matbuot kotibi muzokaralarda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevning ishtiroki haqidagi OAV xabarlariga izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ar-Riyod shahrida bo‘ladigan uchrashuvda AQSH delegatsiyasi tarkibiga Davlat kotibi Marko Rubio, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff kirishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi