Ortiqova, Davletov, qayerdasiz? Tadbirkorga berilgan va’dani unutdingizmi?

Jamiyat

Oliy sud qaroriga “oliy bepisandlik”. Quyichirchiq hokimiga sudning “gapi” o‘tmaydimi? north_east

Oliy sud qaroriga “oliy bepisandlik”. Quyichirchiq hokimiga sudning “gapi” o‘tmaydimi?

O‘tgan yilning so‘nggi oyida ayni matbuot anjumani davom etayotgan vaqtda quyi chirchiqlik tadbirkor o‘z murojaatini yuqori mansabdorlarga yo‘llagan edi. Savol jonli efirda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Adliya vaziri Ruslan Davletov o‘tirgan minbarga qarata berildi. Yuqori mansabdorlar tadbirkorning ishi, albatta, ko‘rib chiqilishini aytdi.

Tadbirkor ularning javoblaridan qoniqmay QALAMPIR.UZ saytiga murojaat etgan edi. Maqola e’lon qilinganidan biroz o‘tib, biz yana fermer bilan bog‘landik. Vaziyat hamon o‘zgarishsiz qolmoqda. Buning xabarini eshitib, Toshkent viloyati, Quyi chirchiq tumani tomon otlandik.

Yo‘l-yo‘lakay tadbirkorning yerlari oralab o‘tar ekanmiz, juda katta yer maydoni nizo sabab bo‘sh yotganini ko‘rdik.  Tadbirkor bizni texnikalari joylashgan garajga boshladi. So‘ngra, fermer Akmalxo‘ja Tursunxonov  adolatsizliklar tafsilotini so‘zlab berdi. 

Svetlana Ortiqova va Adliya vaziriga ham murojaat qildik

“2019 yil 12 aprelda tuman hokimi hech qanday sud qarorisiz, yerimni noqonuniy tortib oldi. Biz qonunga bo‘ysunuvchi fuqaro sifatida sudga murojaat qildik. Oxiri Oliy sudgacha bordik. Oliy sud bizning foydamizga qaror chiqarib bersa ham, sud qaroriga bepisandlik bilan ijroni hech kim ta’minlamayapti. Shuncha maqolalar chiqyapti, televideniyelarga murojaat qilyapmiz. Natija esa yo‘q. 

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga ham murojaat qilganmiz. U kishi buni nazoratga olishini aytdi. 20 kundirki, hech qanday natija bo‘lgani yo‘q. Hech qanday xat ham berilmadi. Haligacha javob yo‘q.

Adliya vaziriga ham murojaat qildik. U ham qonuniy ko‘rib chiqishini aytdi. Biroq natija bo‘lmadi. Viloyatga, so‘ngra tumanga qarab tushib kelaverdi. Hech kim bizning haq-huquqlarimizni himoya qilmayapti. Hattoki, Yoshlar ittifoqiga ham bordik. Necha marotaba murojaat qilib kelganmiz. Bulardan ham naf kelmadi. Ular faqat qonunni buzib qo‘ysa, o‘shalarni himoya qilarkan. Bizga o‘xshagan yosh tadbirkorlarni yoniga olib himoya qilmas ekan. Bugungacha muhtaram yurtboshimiz yoshlar siyosati haqida ko‘p ta’kidladi. Tadbirkorlar huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Lekin hech kim bizni qo‘llab-quvvatlamayapti. Otangga bor, onangga bor...”, deydi shikoyatchi tadbirkor.

Qonunni men emas, davlat organlari buzmoqda

“Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lgan bu tadbirkor 380 gektarli yeridan olgan hosillari va boqishni reja qilgan chorvalaridan sut mahsulotlari ishlab chiqarishni niyat qilgan ekan. Biroq, qani endi tadbirkorlikka yo‘llar u o‘ylaganchalik ochiq bo‘lsa...

“Ko‘rib turibsizlar. Shuncha yangi texnika sotib oldik. Bularni bekorga qilmaganmiz. Yuqori hosil olaylik, davlatimiz rivojiga hissamiz qo‘shilsin, ishchi o‘rin yarataylik, dedik. Chorvachilikni rivojlantirib o‘zim sut va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaraman deb sexlar qurdim. Savdo do‘konim ham tayyor holga kelgan, deyarli. Umidlarimiz hammasi sarobga aylandi. Bu davlatda qonun bor, lekin unga hech kim amal qilmaydi-da”, deydi fermer noroziligini yashirmay. 

Murojaatchining aytishicha, oliy sud qarorini hech kim ijro qilishni xohlamayapti. 380 gektar yerni noqonuniy tortib olib, sud qarori chiqsa ham hokim qaytarib berishni o‘ylamayotgan ekan. Uning fikricha, tumanga faqat investor kerak, ammo o‘zbek tadbirkori emas. Tadbirkor o‘rtada raqobat bo‘lishini talab qilmoqda. Unga barcha rejalarni bajarishiga qaramay, yeri tortib olingani qattiq ta’sir qilgan. 

“Agar men qonunni buzsam, sud qarori o‘sha sud majlisining o‘zida ijroga qaratiladi. Amaldor qonunni buzsa, unga qonun yo‘qmi? Men shunday o‘ylayapmanki, bizda ikkita qonun bor. Oddiy fuqarolarga bir qonun, amaldorlarga boshqa qonun. 

Bizning taqdirimiz bilan hech kim qiziqmayapti. Shuncha qilgan mehnatimiz samarasiz ketmasligi uchun shuncha kurashdim. Bu texnikalarim metallom bo‘ladi. Aybim bo‘lsa, tuman hokimi aytsin. Ikki qo‘limni ko‘tarib ketaman. Men bu darajaga osonlikcha erishganim yo‘q. Oddiy dehqonni farzandiman”, deydi murojaatchi kuyunib. 

Hokimlik va prokuratura qiziq javobi

Hatto, Oliy sud qarorining ijro qilinmasligi bu qonunlarga juda katta hurmatsizlik. Vaziyat bu darajada emasdur deya yaxshi gumonda bo‘ldik va hokimlik eshigini taqillatdik. Biz ushbu mas’ul idorada hokimni topa olmadik. Hokimning kotibi bizni telefon orqali tuman hokimi o‘rinbosari Zikrillo Nabiyevga ulab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sud qaroriga nisbatan shikoyat kiritilgan va ayni vaqtda ushbu shikoyatning natijasi kutilmoqda. 

“Prokuratura to‘g‘risida”gi va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunlarga binoan sud qarori ijrosini ta’minlash, qonunlar himoyasi avvalo prokuraturaning vakolatidadir. Shu bois, tuman prokuraturasiga ham kirib, tushuntirish olishni maqsad qildik. 

Prokuraturada aynan shu ish ustidan nazoratni olib boruvchi tuman prokurori yordamchisi Akram Bobobekov bilan uchrashdik. Bizga bu mas’ul idora vakili quyidagilarni ma’lum qildi:

“Akmal Tursunxonovning tuman hokimi qarorini bekor qilish bo‘yicha shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqilgan va qisman qanoatlantirilgan. Tursunxonov bu ajrimni hokimiyatga taqdim etgan. Hokimiyat tomonidan Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha hay’atiga nazorat tartibida shikoyat keltirgan. Shikoyatga javob xati kelishini kutib turibdi. Keyin shunga qarab shartnomalar qiladi. Ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasi 974-sonli qarori amalda bo‘lganligi bois klasterga berilgan. Qachonki, Oliy sudning javobi kelsa, o‘shanga qarab shartnomalar tuzish belgilangan”, deydi prokuror yordamchisi Akram Bobobekov. 

Biz ushbu qonun himoyachisi sanalmish mas’ul shaxsdan tadbirkor Svetlana Ortiqovaga murojaat qilgani va shu sababli “yuqoridan” topshiriq kelgani bilan qiziqdik. Biroq, bunday topshiriq berilmagani aytildi. Murojaatchining so‘zlaridan, Svetlana Ortiqova va’dasida turmay, bu ish bilan shug‘ullanmagan ko‘rinadi. 

Prokuratura mulozimi esa “Quyi Chirchiq tuman hokimi tomonidan Oliy sudning 2019 yil 8 noyabrdagi qaroridan norozi bo‘lib, 26 noyabrda nazorat tartibida shikoyat arizasi kiritilgan”, degan qiziq javobni aytdi. 

Qonunlar tahlili

Hokimlik va qonun himoyachisi sanalmish prokuror yordamchisining javobi ochig‘ini aytganda “yoqamizni ushlatdi”. Qanday qilib, Oliy sud tomonidan nazorat tartibida ko‘rilgan va qabul qilingan qarori ustidan nazorat shikoyati berish mumkin? 

Yana 8 noyabrdan beri nega bu ijroga qaratilmayapti? Axir, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 265-moddasida “Nazorat instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi”, deyilgan-ku. Vaholanki, Oliy sudning qaroriga 8 noyabridan beri, ya’ni ikki oydirki bepisand muomala qilib kelinmoqda. Nahotki, Oliy sud qarori o‘yinchoq bo‘lsa?

Prokuratura va hokimiyat vakili tomonidan 2019 yil 8 noyabridagi qaroriga nazorat shikoyati yozilgani va hozirda Oliy sud javobi kutilayotgani aytildi. Nahot ikki oydirki, Oliy sud javob xati yuborilmagan bo‘lsa..? Murojaatchi aytganidek, nahotki masala Svetlana Ortiqova tomonidan ham ko‘rib chiqilmagan bo‘lsa..? Bu savollarimizga javoblar tez orada berilishiga umid qilamiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev Oliy sud Adliya vaziri Svetlana Ortiqova

Baholaganlar

177

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing