Apple yangi arzon iPhone’ni taqdim etdi (video)
Texnologiya
−
20 fevral
13630Kecha, 19 fevral kuni Apple kompaniyasi iPhone 16e nomli yangi byudjet smartfonini taqdim etdi. U ikki xil komplektatsiyada bo‘lib, 21 fevraldan oldindan buyurtma berishni boshlash mumkin. Bu haqda kompaniya saytida e’lon qilindi.
Yangi iPhone avvalgi byudjet modeli – iPhone SE’ning o‘rnini egallaydi. Sotuvga chiqarilgan ilk paytda qurilmada faqat ingliz tili qo‘llab-quvvatlanadi, boshqa tillar esa kompaniya tomonidan aprel oyidan boshlab qo‘shilishi rejalashtirilgan. iPhone 16e’da oldingi avlod smartfonlarida mavjud bo‘lgan Home tugmasi va Touch ID barmoq izi skaneri bo‘lmaydi – Apple ushbu texnologiyadan butunlay voz kechishga qaror qilgan.
Smartfon uchun oldindan buyurtma 21 fevral kuni tongi soat 5:00 dan (Tinch okeani vaqti bo‘yicha) boshlanadi. Buyurtma berish imkoniyati 59 ta mamlakat va hududlar uchun ochiladi. Apple to‘liq ro‘yxatni e’lon qilmagan, biroq Avstraliya, Kanada, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Meksika, Janubiy Koreya, Turkiya, BAA, Buyuk Britaniya va AQSH ushbu mamlakatlar qatoriga kirishi ma’lum qilingan. Yetkazib berish esa 28 fevraldan boshlanadi.
iPhone 16e displeyi 4,7 dyuymdan 6,1 dyuymgacha kattalashadi, operativ xotirasi esa 4 gigabaytdan 8 gigabaytga oshiriladi. Qurilmada matn, foto va video bilan ishlash uchun sun’iy intellekt vositasi ham mavjud bo‘ladi. Apple iPhone 16 va iPhone 16 Plus modellari uchun ishlab chiqarilgan A18 chipini ushbu modelga ham o‘rnatadi.
Shuningdek, Apple barcha iPhone 16e foydalanuvchilariga ChatGPT’dan bepul foydalanish imkoniyatini beradi. Buning uchun hisob qaydnomasini yaratish talab qilinmaydi. Apple kompaniyasi OpenAI foydalanuvchilarning IP-manzillari va so‘rovlar tarixiga kirish huquqiga ega bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan.
Texnik xususiyatlar:
- O‘lchamlari: 146,7 × 71,5 × 7,8 mm, 167 g;
- Displey: 6,1 dyuym, Super Retina XDR OLED, 1200 nit, 60 Gts;
- Protsessor: 6 yadroli Apple A18, 4,04 GGs, Apple GPU (4 yadro);
- Xotira: 8 GB RAM + 128/256/512 GB doimiy xotira;
- Kamera: 48 MP, 26 mm, ƒ/1.6 + 12 MP, ƒ/1.9;
- Batareya: “26 soatgacha video tomosha qilish”, 20 Vt tezkor quvvatlash;
Sotuv:
- Oldindan buyurtma – 21 fevraldan;
- Sotuvga chiqish – 28 fevraldan;
Ranglar: qora va oq
Narxlar:
- 128 GB – 599 dollar;
- 256 GB – 699 dollar;
- 512 GB – 899 dollar;
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 9 sentyabr kuni It's Glowtime taqdimoti doirasida Apple ikki asosiy model – iPhone 16 va iPhone 16 Plus smartfonlarini taqdim etgandi. iPhone 16 6,1 dyuymli displeyga ega, iPhone 16 Plus esa 6,7 dyuymli paneldan foydalanadi. Ikkala model ham moslashtiriladigan Action tugmasi bilan foto va video suratga olish uchun sensorli Capture tugmasiga ega bo‘ladi. Undan kattalashtirish yoki fokuslash uchun foydalanish mumkin.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel