Apple yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi
Texnologiya
−
12:51 524 2 daqiqa
Apple bozor qiymati bo‘yicha Nvidia’ni ortda qoldirdi va dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga pasaygan, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollarga tushib ketgan. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga o‘sib, kompaniya kapitalizatsiyasi 4,9 trillion dollarga yetgan.
Nvidia 2025 yilning may oyidan beri birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktyabr oyida uning kapitalizatsiyasi besh trillion dollargacha yetgandi.
“Eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining almashgani investorlar o‘z e’tiborlarini Nvidia kabi sun’iy intellekt (SI) bumining “eng yaqqol naf ko‘ruvchilari doirasidan tashqariga” kengaytira boshlaganidan dalolat beradi”, deb qayd etadi “Reuters”.
Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani sababli SI poygasida ortda qolayotgan deb hisoblanar edi, ammo endi “kayfiyat o‘zgardi”.
“Apple xizmatlar, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va qurilmalarni yangilash orqali sun’iy intellektdan pul ishlash uchun ancha qulay pozitsiyaga ega. Qayta baholash SI bilan bog‘liq bo‘lgan spekulyativ o‘sishni emas, balki kompaniya foydasining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi”, deydi “BRI Wealth Management”ning investitsiyalar bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple xotira chiplari taqchilligi sabab Mac va iPad qurilmalari narxlarini oshirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi