Apple’ning direktori almashadi

Olam

image

2026 yil 1 sentyabrdan Apple kompaniyasining yangi bosh direktori etib Jon Ternus tayinlanadi. Bu haqda kompaniya 21 aprelga o‘tar kechasi e’lon qilgan press-relizda ma’lum qilindi.

2011 yildan buyon kompaniyani boshqarib kelgan Tim Kuk esa direktorlar kengashi raisi lavozimini egallaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 50 yoshli Jon Ternus 2001 yildan beri Apple’da ishlaydi va hozirda kompaniyaning apparat ta’minoti bo‘yicha vitse-prezidenti hisoblanadi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, u so‘nggi yillarda bozordagi ulushi oshgan Mas kompyuterlari savdosini tiklashda muhim rol o‘ynagan. Avvalroq “Bloomberg” ham Ternus Tim Kukning ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilayotganini yozgan edi.

65 yoshli Tim Kuk kompaniyani 15 yil davomida boshqargan va shu davrda Apple Watch, AirPods, Apple Vision Pro kabi mahsulotlar, shuningdek iCloud, Apple Pay, Apple TV va Apple Music xizmatlari ishga tushirilgan. Shu vaqt ichida kompaniya aksiyalari qiymati 20 barobarga oshgani qayd etiladi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Tim Kuk davlat bilan aloqalarni ham davom ettiradi. Xususan, u AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Apple o‘rtasidagi hamkorlik uchun mas’ul bo‘lib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple kompaniyasi 17-avloddagi eng arzon smartfon – iPhone 17e chiqqanini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Apple Jon Ternus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing