Apple mijozlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Texnologiya
−
18 iyun 5729 2 daqiqa
Apple xotira chiplari va tezkor xotira narxining keskin ko‘tarilishini qoplash uchun o‘z mahsulotlari narxini oshiradi. Bu haqda kompaniya bosh ijrochi direktori Tim Kuk “The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Afsuski, narxlarning oshishi muqarrar. Biz zimmamizga tushgan ulkan xarajatlar o‘sishini yumshatish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz va mijozlarimizni ushbu narx o‘sishidan himoya qilishga harakat qilyapmiz, biroq vaziyat barqarorlikni yo‘qotdi”, deydi u.
Shu bilan birga, kompaniya rahbari bo‘lajak narx oshishi aynan qaysi mahsulotlarga tegishli bo‘lishi va uni qachon kutish kerakligiga aniqlik kiritmagan.
Kukning aytishicha, xotira va ma’lumotlarni saqlash qurilmalari, xususan, sun’iy intellekt (SI) serverlari uchun ham ishlatiladigan DRAM (dinamik tezkor xotira) narxlari kompaniya uchun muammoga aylanmoqda.
“Iste’molchilar qurilmalarni xohlayotgan bir paytda taklif kamayib bormoqda, xotira ishlab chiqaruvchilari esa baland narxlarni iste’molchilar zimmasiga yuklamoqda. Iste’mol mollari uchun xotira narxlari va taklifi oqilona darajaga qaytishi bizga juda zarur. Eng asosiysi shu”, deydi Apple rahbari.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 iyun kuni kompaniya o‘zining yangilangan, sezilarli darajada aqlliroq va qayta ishlangan Siri SI-assistentiga ega bo‘lgan yangi iOS 27 operatsion tizimini taqdim etdi. iOS 27 yangilanishi 11-seriyadan boshlab iPhone egalari, shuningdek, Apple’ning boshqa qurilmalari foydalanuvchilari uchun ochiq bo‘ladi. Bunda yangi Siri AI yordamchisi iPhone 16 va undan yangiroq modellarda, iPhone 15 Pro, A17 Pro chipli iPad mini, M1 va undan yangiroq chipli iPad, M1 va undan yangiroq chipli Mac, Apple Vision Pro, shuningdek, mos keladigan iPhone’ga ulanganda Apple Watch Series 10 va undan yangiroq modellarda ishlaydi.
O‘sha kuni Apple’ning dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Kreyg Federigi ba’zi kompaniyalar ushbu texnologiyalardan foydalanadigan odamlarga e’tibor qaratmasdan, SI sohasida “progress ortidan quvishayotganini” aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1 sentyabrdan Apple kompaniyasining yangi bosh direktori etib Jon Ternus tayinlanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiAQSH va Eron memorandum imzoladi
18 iyun