Apple 110 ta davlatdagi foydalanuvchilarni ogohlantirdi
Olam
−
10:57 860 2 daqiqa
Apple kompaniyasi 110 ta davlatdagi ayrim foydalanuvchilarni qurilmalariga josuslik dasturlari orqali hujum qilingan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda “Firstpost” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi ogohlantirishlar joriy yilning 13 avgust kuni yuborilgan. Apple josuslik dasturlari hujumlari bo‘yicha foydalanuvchilarni ogohlantirishni boshlaganidan beri bunday xabarlar 150 dan ortiq davlatga yetkazilgan.
Qayd etilishicha, gap oddiy zararli dasturlar haqida emas, balki muayyan shaxslarni nishonga olish uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yuqori darajada murakkab josuslik vositalari haqida ketmoqda. Bunday texnologiyalardan ayrim holatlarda davlatlar ham foydalangan. Jurnalistlar, faollar va fuqarolik jamiyati vakillariga qarshi qo‘llanilishi esa jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lgan.
Apple ogohlantirish tizimini ham yangilagan. Endi tegishli foydalanuvchilar iPhone qurilmasining qulflangan ekranida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf haqida xabar olishi mumkin. Ogohlantirishda qurilmani himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ham berilgan. Shuningdek, xabar elektron pochta orqali yuboriladi va foydalanuvchi Apple akkauntiga kirganida ham ko‘rsatiladi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunday ogohlantirish olingani qurilmaga hujum muvaffaqiyatli amalga oshirilganini anglatmaydi. Bu Apple foydalanuvchini maxsus nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi faollikni aniqlaganini bildiradi.
Apple ogohlantirish olgan foydalanuvchilarga Lockdown Mode funksiyasini yoqishni tavsiya qilmoqda. U qurilmaga yo‘naltirilgan yuqori darajadagi hujumlardan himoyani kuchaytirishga mo‘ljallangan. Kompaniya mazkur rejim yoqilgan paytda qurilma muvaffaqiyatli buzilgani tasdiqlangan holatni qayd etmaganini bildirgan.
Shuningdek, foydalanuvchilarga qurilmadagi ehtimoliy hujumni tekshirish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun mutaxassislar hamda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etilgan.
Apple josuslik dasturlari bo‘yicha tahdid ogohlantirishlarini 2021 yilda yo‘lga qo‘ygan. Kompaniyaning navbatdagi ogohlantirishlari maqsadli kiberhujumlar geografiyasi kengayib borayotganini ham ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini o‘smirlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazganlikda aybdor deb topib, 567 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash hamda Facebook va Instagram platformalarida voyaga yetmaganlar xavfsizligini kuchaytirish to‘g‘risida hukm chiqargani haqida xabar berilgan edi.