APL: yetakchi o‘zgardi, “Liverpul” ta’qibchiga aylandi 

Sport

image

Angliya Premer-ligasining 17-turidan o‘rin olgan bahsda “Manchester Yunayted” “Byornli” ustidan 1:0 hisobida ustun keldi. Buning natijasida “mankunianliklar” 36 ochko to‘plab, jadvalda 33 ochko bilan yetakchilik qilib kelgan “Liverpul”dan o‘zib ketdi.

“Manchester Yunayted” jamoasi a’zolari o‘yindan so‘ng, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan “Byornli”ga qarshi kurashda g‘alaba golini urgan Pol Pogba shunday deydi: 

“Bugungi o‘yin juda og‘ir, qiyin bo‘ldi va biz g‘alaba qozonishni istaganimiz aniq. Angliya Premer-ligasida o‘ynash oson emas. Uch ochkoni oldik va bundan juda xursandmiz. Ammo, oldinda uzoq yo‘l turibdi va biz bor e’tiborni mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashga qaratamiz.”

Shuningdek, klub bosh murabbiyi Sulsherga ko‘ra, jamoa ko‘rsatgan sokinlik va bosiqlik bahsda hal qiluvchi rol o‘ynagan.

“Byornli”ga qarshi bahsda “qizil iblislar”ning asosiy tarkibida maydonga tushgan jamoa yarimhimoyachisi Matich “g‘alaba kutilgan natija ekanini” aytib o‘tgan.

“Aynan biz kutgan narsa sodir bo‘ldi. Juda yaxshi ishladik va ochko to‘pladik. Jadvalning cho‘qqisida turibmiz va bundan baxtlimiz.

Biz qaysi o‘rinda bo‘lishimiz kerak bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yerdamiz. “Byornli” – yaxshi jamoa, bu chempionatda g‘alaba qozonish oson emas. O‘yindan o‘yinga ildamlayotganimizni bilamiz. “Byornli”ga qarshi o‘yin final bilan teng edi. Oldinda turgan “Liverpul”ga qarshi bahsga ham shunday munosabatdamiz”, deydi Matich.

Ma’lumot o‘rnida, “Liverpul” Angliya Premer-ligasining 17-turidan o‘rin olgan “Sautgempton”ga qarshi bahsni 1:0 hisobida boy bergan edi. “Mankunianliklar” esa bundan unumli foydalanib qoldi. 

Pandemiya kuchayib, chempionat doirasidagi o‘yinlarning o‘z vaqtida borishiga ta’sir qilmasa, futbol muhlislari “qizillar” o‘rtasidagi murosasiz raqobatning guvohi bo‘lishi aniq.

Eslatib o‘tamiz, “Liverpul” Premer-liganing keyingi turida, aynan “Manchester Yunayted”ga qarshi maydonga tushadi. Balki, “mersisaydliklar” APL yetakchiligini qaytarib olar, balki, “mankunianliklar” eng yaqin ta’qibchisidan yanada uzoqlashib ketar. Ko‘ramiz.


Maqola muallifi

Teglar

APL Liverpul' Yunayted

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing