APL chempionligi uchun 3 ta kubokni qurbon qilgan “Liverpul”
Sport
−
17 mart
4473Arne Slot boshchilishidagi “Liverpul” joriy mavsumda ajoyib start namoyish etdi. Deyarli barcha turnirlarda asosiy da’vogarlardan biriga aylandi. Klub vingeri Muhammad Saloh esa gol+assist bo‘yicha bir qancha rekordlarni yangiladi. Ammo jamoa 2025 yilning boshini o‘ta yomon o‘tkazdi. Birin-ketin muhim turnirlardan chiqib keta boshladi.
Muhimlik darajasi o‘ta past Angliya kubogi
“Mersisaydliklar” Angliya kubogi uchun kurashga 4-raunddan kirishdi. Ushbu bosqichda klub Chempionship vakili “Plimut”ga qarshi maydonga tushdi. “Plimut” 3-raundda yana bir Angliya Premer-ligasi vakili “Brentford”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yuborgan edi. Ushbu bosqichda tabiiyki favorit “Liverpul” edi, ammo Slot mazkur bahs uchun ikkinchi tarkibni maydonga tashladi. Bu esa raqibni mensimaslikning yaqqol ko‘rinishi hisoblanadi. Shuningdek, Slot isbotlab qo‘ydiki, Angliya kubogi “Liverpul” uchun muhim emas. Oqibatda esa o‘yin 1:0 hisobida “Plimut” foydasiga hal bo‘ldi.
PSJ “Liverpul”ni Yevropa Chempionlar ligasidan chiqarib yubordi
“Liverpul” joriy mavsum Chempionlar ligasi guruh bosqichida fantastik natijalar qayd etdi. Klub 8 ta o‘yindan 7 tasida g‘alaba qozondi. Oxirgi turda jamoa PSVga mag‘lub bo‘ldi, ammo ushbu bahs natijasi muhim emasdi. Sababi “mersisaydliklar” turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylanib ulgurgan edi. “Liverpul” to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda jamoa PSJga ro‘baro keldi. Parijda kechgan dastlabki o‘yinda “Liverpul” o‘yin davomida amalga oshirgan ilk hujumida gol urdi va so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib keldi. Gol muallifi Xarvi Elliot bo‘ldi. Mazkur o‘yinda PSJ raqibidan har jihatdan ustun keldi, kerak bo‘lsa, “Liverpul”ni uchrashuv davomida “qamab” tashladi. Ammo natija salbiy ko‘rinish oldi. Arne Slot yomon o‘yin bilan g‘alaba qozondi.
“Enfild”dagi javob o‘yinida PSJ dastlabki daqiqalardan faol bo‘ldi. 12-daqiqada parijliklar yetakchisi Usmon Dembele hisobni ochdi. Hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi va unda “Liverpul” 4:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa “mersisaydliklar” o‘z uyida Chempionlar ligasidan chiqib ketishdek alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
Angliya Liga kubogi ham boy berildi
17 martga o‘tar kechasi Angliya Liga kubogi finalida “Liverpul” va “Nyukasl” jamoalari kurash olib bordi. Angliya kubogi va Chempionlar ligasi kubogi uchun kurashdan chiqqan “Liverpul” yana bir sovrinni qo‘ldan boy berdi. Jamoa Angliya Liga kubogi finalida “Nyukasl”dan kutilmagan mag‘lubiyat qabul qilib oldi. O‘yinda dastlab, Byorn va Isak gol urib, “Nyukasl”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ko‘pchilik muxlis-u mutaxassislar “mersisaydliklar”dan kambek kutdi. Ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqaning to‘rtinchisida Federiko Keza bir martagina javob bera oldi. Yakuniy hisob 2:1 va “Nyukasl” 70 yildan keyin ilk bor mazkur turnirda zafar quchdi. Aniqrog‘i “Nyukasl” oxirgi bor 1955 yilda ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan.
Arne Slot oldida yagona yirik g‘alaba bu katta ehtimol bilan erishib bo‘lgan APL chempionligi. Ayni damga kelib, “Liverpul” turnir jadvalida 70 ochko jamg‘argan holda yakkapeshkadam bo‘lib turibdi. Eng yaqin ta’qibchi bu Londonning “Arsenal” klubi, “kanonirlar” “mersisaydliklar”dan 18 ochko orqada. Mavsum yakuniga 9 tur qoldi va bu farqni yo‘qqa chiqarish imkonsiz. Lekin bordi-yu “Arsenal” oxir-oqibatda APL chempionligini qo‘lga kiritsa, muxlislar uchun fantastik, “Liverpul” klubi va jamoa ustozi Arne Slot uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz mavsum bo‘ladi.