AOKAga ochiq xat: yo yo‘l oching, yo...
Tahlil
−
26 noyabr 2020
34305Necha yillar davomida xalqaro hamjamiyat tomonidan “O‘zbekistonda so‘z erkinligi yo‘q”, degan tushuncha mamlakat imijiga tamg‘a bo‘lib keldi. Aslida, ham ana shunday holat yo‘q emas, bor edi. Ommaviy axborot vositalari ustidan o‘rnatilgan kuchli nazorat, hali ham sovetcha ish yurgazish tizimi va byurokratik to‘siqlar so‘z erkinligini haqiqatan ham tizginlab turar edi.
Bu holat O‘zbekistonga nima berdiyu nimani olib ketdi?
Avvalo, mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari mazmunsiz, faqatgina shon-sharaf va maqtovlarga boy materiallar bilan to‘ldi. Bundan tashqari, erkin, tom ma’noda jurnalist sifatida ijod qila olmaydigan, ya’ni kasb professionalizmidan yiroq kadrlar yetishib chiqa boshladi. Jurnalistik surishtiruvlar, tahliliy-tanqidiy materiallar deyarli yo‘qola bordi. To‘g‘risini aytganda, O‘zbekiston matbuoti deganda kishi ongida ikki xil manzara paydo bo‘ladigan darajaga keldik: shou-biznes vakillarining nima kiyganiyu nima yeb-ichayotganini yozadigan matbuot yoki real hayotdan yiroq, faqat maqtov va qarsakdan iborat so‘zlar bitilgan “jannatdan xabarlar” turkumidagi chiqishlar.
Ikkinchidan, so‘z erkinligini demokratiyaning asosiy tamoyili sifatida qabul qiluvchi xalqaro hamjamiyat “demokratik-huquqiy jamiyat qurish” sari qadam tashlayotgan O‘zbekistondan yuz o‘girdi. O‘shanda bolalar paxtaga chiqmasmidi?. Chiqardi! O‘qituvchi va shifokorlar majburiy mehnatga jalb etilmasmidi? Etilardi! Huquq-tartibot organlarida zo‘ravonlik, tazyiq va qiynoq yo‘qmidi? Bor edi, shunaqangi bor edi-ki. Ta’lim va tibbiyot korrupsiya botqog‘iga botib, bu haqida gapirolmaydigan darajaga kelib qolmaganmidik? Allaqachon yetib kelgandik. Lekin, suvadik, “jannatdan xabarlar”ni ko‘paytirishga zo‘r berdik. Buni bajarishga vijdoni yo‘l qo‘ymagan va imkon topganlar chet elga “surdi”. Emin-erkin ijod zavqini tuydi. Biz esa ularga dushmandek qarash bo‘yicha yangi “dars”lar oldik, programmalashtirildik.
Qolaversa, yillar davomida shu irmoqning suvini ichganlar – OTM o‘qituvchilari keyingi avlod ongini ham xuddi shunday “ulug‘vor g‘oyalar” bilan “sug‘ordi”. Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida birorta ham xorijiy o‘qituvchi dars bermadi, xalqaro jurnalist maqomini olish uchun ushbu OTMga kirganlarga mamlakat chegarasini bosib o‘tish norasmiy taqiqlab qo‘yildi. Chetga chiqib kelsa, ortidan tushildi, so‘roqqa tutildi. Oqibatda mana shu yillar davomida yetishgan kadrlarning ayrimlari so‘z erkinligi va xalq manfaatini himoya qilish o‘rniga, yana qog‘ozbozlik va byurokratik ishlash tizimiga o‘tdi.
Epkin shamollar...
Rostini aytganda, so‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari jonlandi. Chunki hayot va sharoitning o‘zi shunga yetaklab kelayotgan edi. Ilgari gapirish mumkin bo‘lmagan gaplar yoki ming bir elakdan o‘tkaziladigan maqolalar dunyo yuzini ko‘ra boshladi. Bunga qaysidir ma’noda internet jurnalistikasi katta xizmat qildi.
2016-2017 yillardan O‘zbekistonda internet jurnalistikasi katta tezlik bilan rivojlana boshladi. Bir vaqtlar xorijiy materiallar bilan sayt sahifalarini to‘ldirgan internet-nashrlar mahalliy xabarlar oqimida suzishni o‘rgandi. Xabar va yangilik, tanqid va tahlil, reportaj, ocherk... Janrlar xilma-xilligi ko‘zga tashlandi. So‘nggi xorijiy va mahalliy yangiliklar bilan bir qatorda joylardagi muammolarni o‘z o‘rnida ko‘rsatib berish, davlat idoralarining ishini tanqidiy-tahliliy yoritish, aholi murojaatlari asosida jurnalistik surishtiruv o‘tkazish kabi jurnalistikaning eng asosiy funksiyalari ishlay boshladi.
Mamlakatda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda blogerlarning shaxsiy sahifalari ko‘paydi. UZ domeni rivojlandi. Erkin va xolis fikrlaydigan yoshlar soni ortdi. Jamiyatda axborotga nisbatan immunitet shakllandi, uning tezkor va xolis axborotga ehtiyoji qondirila boshlandi.
Ammo O‘zbekistonga so‘z erkinligi qaytdimi?
Mana shu yillarda mamlakatda ketayotgan siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga uyg‘un ravishda ommaviy axborot vositalari xodimlarini va so‘z erkinligini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tugatilib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tashkil etildi.
Boshida so‘z erkinligi va jurnalistlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan AOKA so‘nggi paytda yana eskicha tizimda ishlashni boshladi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bunga pandemiya davrida chet elda qolib ketayotgan migrantlar, gaz va elektr energiyasi, koronavirus bilan bog‘liq aniq statistikaning yashirilishi kabi muammolarni ko‘targan Kun.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz, Daryo.uz, Qalampir.uz singari bir qator elektron nashrlarga agentlik tomonidan yo‘llangan ogohlantirish xatlarini misol qilib keltirish mumkin.
Bu bilan agentlik o‘z Nizomida keltirgan funksiya va vazifalariga zid harakat qilmayaptimi? Yana o‘sha qog‘ozbozlik va qo‘rqitish siyosatini qo‘llamayaptimi? OAVga yuborilayotgan ogohlantirish xatlarida ishlatilgan “jiddiy huquqiy oqibatlar” qanday tahdidni, nimani anglatadi? Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘z erkinligi borasida olib borayotgan siyosatiga zid emasmi? Albatta, savollar juda ko‘p.
Bu ishlar nimaga olib boradi?
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Matbuot erkinligi indeksi”da O‘zbekiston 180 mamlakat ichidan 156-o‘rinda qayd etilgan va bu “yomon”, deya ta’riflangan. OAVga rasmiy va norasmiy bo‘layotgan bosimlar, qo‘ng‘iroqlar, olib tashlash “tavsiya etiladi” qabilidagi zo‘ravonliklar mamlakatning matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, xalqaro moliyaviy tashkilotlar talablarini bajarish yuzasidan olib borayotgan keng masshtabdagi ishlariga soya solishi aniq.
Ikkinchidan, OAV yana qo‘g‘irchoqqa aylanib qoladi va jurnalistning jamiyat oldidagi obro‘yi to‘kiladi. O‘z qadr-qimmatini, qalamining qiymatini bilganlar chet elga ketadi. Bu bilan mamlakat o‘z maydonida axborot urushidagi eng yaxshi suvoriylarini o‘z qo‘li bilan narigi tarafga tutqazadi. Yo bunday bo‘lmaganmidi?
Uchinchidan, jamiyatda o‘sish, rivojlanish to‘xtaydi. Korrupsiya, davlat mulkini talon-toroj qilish yanada avj oladi. Chunki matbuot jim, jurnalist jim, “shovqin soladigan” hech kim yo‘q. Mabodo kimdir muammolar haqida gapirsa, ana Agentlik bor, oqibati yomon bo‘lishi mumkin. Natijada, Prezidentning mashaqqat bilan olib borayotgan islohotlariga odamlar ishonmay qo‘yadi. Xullas, o‘zbek jurnalistikasi yana eski chorig‘i bilan qolib ketadi.
Gap matbuot va so‘z erkinligi haqida borarkan, bir narsani aytish joiz. O‘tgan yillar davomida tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish bo‘yicha hech ish qilolmadik. Shunday vaziyatda bizga so‘z va matbuot erkinligi deb ayyuhannos solish yarashadimi? Ayni vaziyatda bizga ta’qib va taqiqni, ogohlantirish berishni kim qo‘yibdi?
Biz 30 yillik eskicha qonunlar bilan ishlayotgan ekanmiz, jurnalistlardan yana qanday so‘z erkinligini talab qilishimiz mumkin? O‘rtaga bir savolni ko‘ndalang qo‘yish kerak: “Jurnalistlar uchun biz nima bera oldigu, nimani talab qilishimiz mumkin?”.
Chunki bugun mamlakatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining juda ko‘pchiligini xususiy saytlar, gazetalar, telekanallar tashkil etadi. Xo‘p, agar ularga biznes sub’ektlari sifatida qaralayotgan ekan, nega unda xususiy OAVga boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlari singari turli subsidiyalar ajratilmayapti, nega karantin vaqtida ularga moddiy manfaat yetkazadigan ishlar qilinmadi? Nega ular soliqlardan ozod etilmadi?
Agar tadbirkorlik sub’ekti emas, ideologiya vositasi bo‘lsa, unda nega o‘z ishini bilib-bilib qilayotgan, chetdan bo‘layotgan axborot xurujiga o‘z vaqtida tez va xolis javob qaytarayotgan, jamiyatdagi axborot ehtiyojini qondirayotgan OAV faoliyati byurokratik ko‘rinishda to‘siqlarga uchrayapti? Xo‘p, ular xato qildi ham deylik? Lekin qani o‘sha xato? Uning xatoligini nima asoslaydi? Xatlar mazmunidan kelib chiqsak, barcha OAV oldiga qo‘yilayotgan masala bir xil: “...olib borilayotgan sa’y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin”.
Kechirasiz, davlat tashkilotlari o‘zi amalga oshirayotgan ishlar bo‘yicha yetarlicha xabar berolmasa, siz aytgan islohotlarini yetkaza olmasa, bunga ham OAV aybdormi? Balki, yong‘oq puchdir?!
Haqiqatni aytaman deganga maydon kerakmas
AOKAdan ommaviy axborot vositalariga yo‘llanayotgan maktublar eng katta ehtimol bilan nimaga olib borishi mumkin? Ogohlantirish taqdinomaga aylanadi. Taqdimnomaga ko‘ra, AOKA OAVning litsenziyasini tugatish bo‘yicha hujjatlarni sudga yuboradi. Buyog‘i sudyaning insofiga! Agar sud OAVni qonun talablarini buzgan, deb topsa, OAV litsenziyasidan mahrum etiladi, UZ domenidan chiqarib yuboriladi. Keyin-chi? Deyarli hech narsa. Internet – cheksizlik! Aksincha, alamzadalar safi yana bittaga ko‘payadi. Salom, dunyo! Xush ko‘rdik, COM yoki ORG domenlari. Ana sizga cheksiz tanqid va tahlil. O‘yinda yutqazgan yana O‘zbekiston bo‘ladi. Yana maydon xorij ommaviy axborot vositasiga bo‘shatib beriladi.
Shu o‘rinda bir gapni aytaylik: oxirgi vaqtlardagi bosimlar, tanqid va tahlilga bo‘lgan allergiya jamoatchilikda xalqaro OAVga qiziqishni yanada orttirdi. Ishonmaysiz, ammo bu fakt. O‘tgan bir yilda “Ozodlik” o‘zbek xizmatining Instagram’dagi kuzatuvchilari soni 700 mingga oshib, 1,2 millionni tashkil etmoqda. Bugungacha Instagram’da o‘zbek mediasi bo‘yicha yuqori o‘rinlarni, “Ozodlik”dan katta farq bilan Kun.uz va Qalampir.uz egallab kelayotgan edi. Bu qatorga boshqa o‘zbek saytlari qo‘shilishi o‘rniga “Ozodlik”ning oshig‘i olchi bo‘lib boryapti. Mana, sizga natija. Ammo siz mag‘rursiz, juda mag‘rursiz!
Bu nimani anglatadi?
Agar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari ishi to‘g‘ri tashkil qilinmasa, ularga ham moddiy, ham amaliy va texnik yordam berilmasa, buning o‘rniga ular ishiga to‘sqinlik qilinsa, norasmiy nazorat va senzura kuchaysa, endi oyoqqa turayotgan o‘zbek jurnalistikasining oyog‘iga yana kishan solingan bo‘ladi. Bu esa yana yillab taraqqiyotdan ortda qolib ketishimizga, rivojlanishga sarflaydigan vaqtimizni oyog‘imizga osilgan zanjirlarni uzishga ketkazishimizga, dunyo hamjamiyati oldida tag‘in uyatga qolishimizga sabab bo‘ladi. Chunki so‘z erkinligi bor joyda taraqqiyot, ma’naviyat va yuksalish bo‘ladi. Zero Shavkat Mirziyoyev maqsad qilgan Yangi O‘zbekiston renessansi ham ana shu tamoyillarga asoslangan.
Yo yo‘l oching, yo...
LiveBarchasi